Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish uchun qoʻllanilayotgan «mahallabay» tizimi mahallalarni xavfsiz, jinoyatchilikdan xoli hududlarga aylantirishda qoʻl kelmoqda. Sababi, bugun nafaqat mahallalar, xonadonlarning toifalarga ajratilib, profilaktik suhbatlar olib borilayotgani ijobiy natija bermoqda. Xususan, Jarqoʻrgʻon tumanidagi «Janub qalqonlari» mahallasida ham ishlar ana shu tartibda olib borilgani bois bu yil hududda birorta ham jinoyat qayd etilmadi.
4063 nafar aholi istiqomat qilayotgan mahallada tuman IIB HPB profilaktika inspektori, kapitan Oʻtkir Boboqulov mahalla oqsoqoli Oʻktam Asrorov hamda faollar bilan birgalikda ertayu kech odamlarning tinch-totuv yashashi uchun harakat qilmoqda. Ularning saʼy-harakati bilan ish izlab yurgan
15 nafar fuqaro Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi orqali doimiy ish bilan taʼminlandi.
– Hududda «Davomat» hamda «Tigʻ» tadbirlari oʻtkazilib, aniqlangan holatlar bartaraf etilib, fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borildi, – deydi kapitan Oʻktam Boboqulov. – 2 ta nizoli oila yarashtirildi. Hokim yordamchisining koʻmagi bilan bir nafar ayol imtiyozli kredit olib, tikuvchilik sexini ishga tushirdi.
Mahallada turli viloyatlardan kelgan harbiylarning oilalari ham istiqomat qiladi. Ular shu yerlik aholi bilan til topishib ketishi, tushunmovchiliklarning oldini olish uchun koʻchaboshilar tayinlangan. Ular vaziyatni izga solib turishda yaqindan yordam berishmoqda.
Mahallada yashovchi bolalar qoʻshni hududdagi 5-sonli umumtaʼlim maktabida tahsil oladi. Profilaktika inspektori ularning ham davomatiga befarq emas. Tez-tez taʼlim muassasasidan xabar olib turadi. Shuningdek, hududda «Tungi reyd»lar ham oʻtkazib turilgani uchun koʻcha-koʻyda bemaqsad yurganlar kamdan-kam topiladi.
Albatta, har bir hududda tartib boʻlgani yaxshi. Tartib hamma narsani toʻgʻri oʻzanga solishga sabab boʻladi va bu bora-bora odamlarning qatʼiy qoidasiga, qadriyatiga aylanadi. «Janub qalqonlari» mahallasida ham qadriyatga aylangan ana shunday tartib-qoidalar mavjud. Bu ham osoyishtalikning, ham totuvlikning garovi boʻlib xizmat qilmoqda.
Feruza RAHMONQULOVA,
«Postda» muxbiri.
Surxondaryo viloyati.
