Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi ichki ishlar vazirligi qoʻshinlarini tayyorlash kafedrasining tashabbusi bilan «IIV harbiy tuzilmalariga ofiser kadrlarni tayyorlashda dolzarb muamolar, yechim va takliflar» mavzusida respublika miqyosidagi ilmiy seminar boʻlib oʻtdi.
Unda IIV Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qurolli Kuchlari akademiyasining professor-oʻqituvchilari, shuningdek, tinglovchi va kursantlar ishtirok etishdi.
Anjumanda soʻz olganlar ofiser kadrlarning jangovar tayyorgarligi, harbiy mahorati, vatanparvarlik fazilatlarini oshirishga yanada koʻproq ahamiyat qaratish zamon talabi ekanligini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, tadbirda IIV qoʻshinlari uchun ofiser kadrlarni tayyorlashda ixtisoslik fanlarining oʻrni boʻyicha tajriba va maʼlumotlar almashindi. Oʻqitishning yangi usul va vositalarini joriy etish masalalari ham seminar qatnashchilari tomonidan koʻrib chiqildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan takliflar boʻyicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Jasur RAHMATOV,
podpolkovnik.
