BIRINCHI HOLAT
«Facebook» ijtimoiy tarmogʻini doimo kuzatib boraman. Koʻp hollarda shaxsiy sahifamga yozgan virtual doʻstlarimga ham javob qaytarmayman. Ammo ingliz tilini oʻrganayotganim uchun amaliyot boʻlsin deb, bir ingliz yigitning doʻstligini qabul qilib, messenjer orqali u bilan yozisha boshladim.
Avvaliga u mendan oilam, ishim, yurtimizning tarixiy joylari va milliy taomlari haqida soʻradi. Men ham jon deb, Vatanimning goʻzal goʻshalari-yu tansiq tomlari haqida gapirib berdim. Bu orada u shaxsiy sahifamga joylangan oilaviy suratlarimni koʻrib, menga havas qilganini, yetimligi uchun oʻzini yolgʻiz his qilishini aytib, rahmimni keltira boshladi.
Gʻoyibona doʻstim yaxshi maosh olishi, Londonda katta villasi borligini, AQSHning bir nechta shtatidan kvartiralar sotib olganini tez-tez yozardi. Keyin mening maoshim bilan ham qiziqdi. Yashirmadim. Oradan bir necha kun oʻtib, ingliz doʻstim menga Londondan sovgʻa yuborayotgani haqida yozib, «Apple» kompaniyasining soʻnggi rusumdagi noutbuki va ikkita brend soatning rasmini joʻnatdi. Joʻnatmalar ichiga 15 ming AQSH dollari solganini alohida taʼkidladi.
Shu kuni koʻzimga uyqu kelmadi, tezroq tong otishini, brend sovgʻalar va 15 ming dollarni qoʻlimga olishni istardim. Saharda elektron pochtamga «Agent Mayk» mening nomimga Londondan joʻnatma kelgani, bojxona va soliq toʻlovlarini toʻlasamgina, sovgʻalarni yetkaza olishini yozdi. U avvaliga 700, soʻngra sovgʻa ichidagi pullar uchun alohida 500 AQSH dollari tashlab berishimni, yoʻqsa aeroport xodimlari pochtani ochib tekshirishlari mumkinligini aytdi.
Sovgʻalarga, ayniqsa, ular ichidagi moʻmay pulga ishonib, qarindoshlarim va yaqin tanishlarimdan qarz koʻtarib, «Agent Mayk» joʻnatgan chet el plastik kartasiga soʻragan pulini tashlab berdim. Ammo... shundan keyin na «agent»ni, na «doʻstim»ni topa oldim. Savollarimga «agent»dan qotib kulayotgan smaylikni qabul qilib olgan boʻlsam, «doʻstim» esa shunchaki yozishmalarimizni oʻchirib yubordi.
IKKINCHI HOLAT
Bir tanishim meni «Telegram» ijtimoiy tarmogʻidagi «Musodara buyumlar» guruhiga qoʻshibdi. Chiroyli turk idishlarining arzonligini koʻrib, guruhga qiziqib qoldim. U yerda 30 kishiga moʻljallangan idishlar toʻplamining narxi 150 ming soʻm, kir yuvish mashinasi 700 ming soʻm, «Iphone 15 Pro Max» rusumli telefon apparatlari 1 million 800 ming soʻmdan sotuvga qoʻyilgandi.
Guruh yurituvchilaridan mahsulotlarning nega arzonligi haqida soʻradim. Aytishlaricha, musodara qilingan mollar boʻlgani uchun juda arzon narxlarda sotuvga chiqarilgan emish. Guruhga har kuni arzon va sifatli mahsulot sotib olib «baraka topgan xaridorlar»ning tashakkurlari joylanib turardi. Shu «minnatdorliklar»ga ishonib, oʻgʻlim, qizim va oʻzimga 3 ta telefon, kir yuvish mashinasi, idishlar toʻplami – xullas jami 10 mln soʻmlik mahsulot xarid qilmoqchi boʻlib, guruh maʼmuri yuborgan link orqali toʻlov mablagʻini oʻtkazib berdim. Shu kuni uyimga yetkazib berilishi kerak boʻlgan mahsulotlar kelmadi. Guruh yurituvchisi bilan bogʻlanish uchun qilgan harakatlarim besamar boʻldi. Raqamimni ham oʻzidan, ham guruhdan «blok qilibdi».
UCHINCHI HOLAT
Oʻsha kuni ishxonada edim. Ishim tigʻiz payti Rossiya hududi raqamidan qoʻngʻiroq boʻldi. Koʻtardim. Rus tilida plastik toʻlov kartamning raqamini aytib, egasi sizmisiz, deya soʻradi. Tasdiqlaganimdan soʻng, oʻzining bank xodimi ekani, plastik kartamga xakerlar hujum qilagani, zudlik bilan ichki kodni almashtirmasam, yaqin daqiqalar ichida pulim yechib olinishi mumkinligini aytdi. «Hozir raqamingizga SMS kod boradi, oʻsha raqamni bizga aytib turishingiz kerak», dedi, «Oʻgʻri xakerlar»dan qoʻrqib, u aytgandek qildim. Zum oʻtmay telefonimga kartamdan bor pulim yechib olingani haqida xabar keldi.
Menga qoʻngʻiroq qilgan raqamga qayta-qayta qoʻngʻiroq qilib tusha olmadim. Keyin plastik kartam tegishli boʻlgan bankka qoʻngʻiroq qilib, vaziyatni tushuntirdim. Ular firibgarlarga uchraganimni aytishdi. Koʻp oʻtmay yonimdagi hamkasblarimga ham oʻsha raqamdan qoʻngʻiroq boʻlib, «xakerlar»dan ogohlantirildi. Ammo mening chuv tushganimga guvoh boʻlib turgan hamkasblarim ularga aldanmadi.
XULOSA
Yuqoridagi voqealar turli joylardagi, turfa yoshdagi insonlarning boshidan oʻtgan. Aldanib qolayotganlar orasida oʻqimishli va kasb-korli yurtdoshlarimiz ham bor. Xoʻsh, yurtoshlarimiz firibgarlar tuzogʻiga tushib qolmasliklari uchun OAV orqali bot-bot ogohlikka chaqirilayotganiga qaramasdan, nega aldanib qolayotganlar uchrayapti? Bu savolga ikki xil javob berish mumkin. Biri odamlarimizning soddaligi boʻlsa, ikkinchisi, arzon yoki tekin narsaga uchishi. Xoʻsh, bunday kimsalarga aldanib qolmaslik uchun nima qilish kerak? Avvalo, aqlingizga tayaning. Soʻngra bu haqda ishonchli rasmiy saytlardan maʼlumotlar izlang. Oila aʼzolaringiz yoki yaqin doʻstlaringizga maslahat soling. Soʻnggi soʻz sifatida aytadiganimiz esa, hech qachon «Tekin pishloq qopqonda boʻladi» degan maqolni unutmang. Shunda begona kimsalarning «ertaklari»ga ishonmaysiz.
Dildora BOZOROVA,
jurnalist.
