Har bir qimmatbaho toshning oʻziga xos tarixi bor. Shulardan biri “Temur yoquti”dir. Bu bebaho tosh 1853 yilda Buyuk Britaniya qirolichasi Viktoriya uchun maxsus yasalgan zebigardonni bezab turgan. Ayni paytda “Temur yoquti” Bukingem saroyidagi “Hindiston xonasi”da saqlanadi.
361 karat (72 gramm) vaznga ega boʻlgan bu tosh mutaxassislarning fikricha, aslida yoqut emas, balki laʼl (javohir) hisoblanadi. U oʻz davrida juda yuqori narxlarga baholangani uchun oʻrta asrlarda “Xiroji olam”, yaʼni dunyoning xirojiga teng tosh, deb ham nomlangan.
Maʼlumotlarga koʻra, bu javohir uzoq muddat Siam (hozirgi Tailand) qirolining mulki boʻlgan va keyinchalik qaysidir yoʻl bilan Dehliga borib qolgan. 1398 yilda Hindistonni zabt etgan Amir Temur katta xazinalar qatori, ushbu qimmatli javohirni ham qoʻlga kiritadi. Bu javohir sohibqironga yoqib qoladi va unga sayqal berib, oʻz tojiga oʻrnatadi.
“Temur yoquti” asrlar davomida turli talotoʻplarga, hatto qonli qirgʻinlarga sababchi boʻlgan. Javohirda turli davrlarda mohir zargar va xattotlar tomonidan oʻyib yozilgan olti hukmdor (Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Shoh Abbos, Jahongir, Shoh Jahon, Ahmadshoh) nomini uchratish mumkin.
Madina QAHHOROVA tayyorladi.
