– Anchadan beri soʻrayman deyman, nima ish bilan shugʻullanasiz? – deya Karima sherigini suhbatga tortdi.

 – Nima desam ekan? Shu treydinglik faoliyati, ijtimoiy tarmoqda kanal ochganman. Odamlarning hojatini chiqaraman. – Nazokat dabdurustdan pulini koʻpaytirib beraman, demadi.

– Blogermisiz?

– Shunaqaroq... 

Oradan uch kun oʻtib, Nazokat Karimadan ikki yuz dollar qarz soʻradi. Bir haftadan soʻng qarziga qoʻshib besh yuz ming soʻm pul uzatdi. Lekin Karima pulni olmayman, deb turib oldi. Shunda Nazokat kechki ovqatlanish bizning hisobdan deya, Karimani restoranga yetaklab bordi. U yerda rosa yayrashdi. Sarxil taomlar-u qimmatbaho ichimliklar keti uzilmadi. 

Shu-shu, ikkisi opa-singilday boʻlib ketishdi. Nazokat ahyon-­ahyonda Karimadan qarz olar va qarzlarini tez fursatda ziyofat bilan uzardi. Keyinchalik qarzning bir qismini uzib, koʻp oʻtmay yana katta qarz olardi. Qarzlar yigʻilib-yigʻilib, naq 13000 AQSH dollariga yetdi... 

– Oʻgʻlim, koʻp qavatli uylardan olmoqchiman, ona pul bering, demasaydi, haliveri qarzimni ham soʻramasdim, – deydi Karima tergovchining savoliga javoban. 

Shu tarzda Nazokatning barcha kirdikorlari fosh boʻldi. U birgina Karimani emas, yana 15 nafar kishining ishonchiga kirib, qaqshatib ketgan. Shunday qilib, pulini koʻpaytirmoqchi boʻlganlar chuv tushib qolaverishgan.

Xulosa oʻrnida aytmoqchi boʻlganimiz, aziz hamyurtlar, xalqimiz bejiz «Oʻzingga ehtiyot boʻl, qoʻshningni oʻgʻri tutma», demagan. Shuning uchun, avvalo, oʻzingiz hushyor boʻlganingiz yaxshi. Hushyorlik, sergaklik har kuni, har soat, har onda zarur boʻlyapti. Buni esa aslo unutmanglar! Aks holda, siz ham chuv tushib qolishingiz mumkin. 

Eldor QURBONOV, 

mayor.

Mirzoqul AHADOV,

oʻz muxbirimiz.

Buxoro viloyati.