Lavhamiz qahramoni uchun kasb tanlovi shunchaki qaror emas, balki ichki ishonch va adolatga boʻlgan sadoqat samarasi. Bu fikr zamirida nafaqat nazariy bilim, balki har kuni amaliyot chigʻirigʻidan oʻtayotgan hayotiy va kasbiy tajriba mujassam.
Katta leytenant Sirojiddin Xudoyorov kundalik xizmatini intizom va masʼuliyat asosida olib boradi. Jarayon, avvalo, jabrlanuvchilar bilan muloqotdan boshlanadi. Bu shunchaki soʻroq emas, balki inson taqdiriga daxldor, nihoyatda nozik jarayondir. Soʻngra guvohlar bilan yuzlashtirish, voqea tafsilotlarini teran oʻrganish va dalillarni taqqoslash kabi jarayonlar izchillik bilan davom etadi. Kunning ikkinchi yarmida esa tergov hujjatlarini rasmiylashtirish, xulosalar yozish va ishni huquqiy jihatdan mustahkamlashdek masʼuliyatli bosqichlar bajariladi. Koʻpincha bu tigʻiz jarayon kechki soat 21:00 ga qadar davom etadi.
Tergovchilik faoliyatining eng murakkab jihati har qanday vaziyatda xolis va adolatli toʻxtamga kelishdir. Lavhamiz qahramonining taʼkidlashicha, inson qaysi maqom yoki lavozimda boʻlmasin, uning har bir qarori haqiqatga asoslanishi shart. Shu bois u har bir ishda nafaqat qonun normalariga, balki yuksak insoniylik mezonlariga ham tayanadi. Jinoyat sodir etilishiga sabab boʻlgan omillarni sinchkovlik bilan oʻrganish, shaxsning ruhiy holati va vaziyat tafsilotlariga biryoqlama emas, balki keng qamrovli yondashish – Sirojiddin Xudoyorov ish uslubining eng muhim va oʻziga xos jihatlari.
Sirojiddin oʻtgan yillarda koʻplab ustozlardan saboq olganini taʼkidlaydi. Eng muhim oʻrgangan jihati esa – mustaqil fikrlash. «Inson boshqalar taʼsiriga tushmasdan, oʻzi qaror qabul qila olishi kerak», deydi u.
U Muzrabot tumanida 12 nafar shaxs ishtirokida sodir etilgan bezorilikka oid jinoiy ish uning kasbiy mahoratini yaqqol namoyon etdi. Dastlab gumonlanuvchilar oʻz ayblarini qatʼiyan rad etgan boʻlsa-da, u voqea joyidagi kuzatuv kameralari tasvirlarini soniyama-soniya sinchkovlik bilan tahlil qilib, hodisaning aniq xronologiyasini tiklashga muvaffaq boʻldi.
Inkor etib boʻlmas dalillarga asoslangan professional yondashuv natijasida haqiqat qaror topdi. Uch oy davom etgan mashaqqatli tergov jarayoni yakunida aybdorlarning qilmishi toʻliq isbotlanib, qonun ustuvorligi taʼminlandi.
Bunday mashaqqatli mehnatdan soʻng inson ruhan toliqishi tabiiy hol. Katta leytenant Sirojiddin Xudoyorov uchun bunday paytlarda kuchni oilasidan oladi. Uning eʼtiroficha, kun yakunida oilasi bagʻriga qaytish, bir dasturxon atrofida dildan suhbatlashish – eng samarali ruhiy tiklanish usuli. Bu esa qahramonimizning nafaqat yaxshi mutaxassis, balki mehribon ota va oilaparvar inson ekanini ham koʻrsatadi.
Feruza RAHMONQULOVA,
oʻz muxbirimiz.
Surxondaryo viloyati.
