Ajab zamonlarda yashayapmiz. Tezkor va shiddatli axborot asrida hayotimiz ham kundalik tashvishlarga qorishib, shoshilinch, koʻz ochib yumguncha oʻtayotgandek. Taassuflanarlisi, ana shu tezkor davrda, koʻp hollarda, oʻzligimizni ham unutib qoʻyayotgandekmiz...
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir videolavha, rosti, taʼbimni juda xira qildi. Uch daqiqayu ellik besh soniya davom etgan ushbu lavha avvalida yoʻl-patrul xizmati inspektori haydovchidan tegishli hujjatlar nomini aytib, ularni taqdim etishini soʻraydi. Haydovchi «Nima u «texpasport»? Menda unday hujjat yoʻq» deya javob beradi. Keyin esa inspektordan hujjat nomini oʻzbek tilida aytishni talab etadi. U «texpasport»ning «oʻzbekcha»sini «avtotransport vositasini qayd etish guvohnomasi» deb talqin qiladi. «Oʻjar» haydovchi tagʻin bunday hujjat umuman amalda yoʻqligini aytib, oyoq tirab turib oladi. Xullas, suhbat shu zaylda davom etadi...
Shaxsiy mulohazalarimni bayon etishdan oldin aytib qoʻya qolay, YPX inspektorini oqlash niyatim yoʻq. Aslo! Sababi, u bugungi kunda tilimiz oʻrganib qolgan, muloqot jarayonida deyarli har doim «texpasport» deya ishlatiladigan hujjatning oʻzbek tilida rasman qanday aytilishini bilishi zarur. Biroq haydovchining xatti-harakatlarini, tutgan tutumini ham umuman yoqlab boʻlmaydi. Chunki uning qilgan ishi ichki ishlar organlari xodimi timsolida, avvalo, bir insonning, bir hamyurtining ustidan kulishdan boshqa narsa emas, menimcha.
Qiziq, goʻyo oʻzini huquqiy bilimdon inson va (yoki) ona tilimizning jonkuyaridek tutayotgan haydovchining bunday harakatlaridan koʻzlangan maqsad nima? Tirnoq ichidan kir qidirib, yoʻl-patrulʼ xizmati xodimining shaʼnini yerga urib, jigʻiga tegishmi yoki... Qolaversa, shu mazmundagi videolavhalarni, boz ustiga, kurakda turmaydigan turlicha izohlar bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatayotganlarning asl niyati, muddaosi ne?
Ha, kishini mushohadagi undovchi, oʻyga toldiruvchi savollar koʻp. Negaki, kundalik hayotimizda jumboqli savollar tugʻdiradigan nomaqbul, ogʻriqli holatlar ham bisyor. Ammo har qanday muammoli masalani ijobiy hal qilish, har qanday kamchilik va xatoni bartaraf etish mumkin. Buning uchun faqat insoniyligimizni yoʻqotmasak, kim ekanligimizni unutmasak, bas.
Kamol OLLOYOROV,
«Postda» muxbiri.
