Bugungi lavhamiz qahramoni bir necha yillik tajribaga ega – Jizzax shahar IIB 2-sonli IIB navbatchilik qismi navbatchisi, mayor Zafar Ortiqov. U kasbiy faoliyatini 2011-yilda Jizzax shahar IIB JQBda boshlagan. Keyinchalik Arnasoy tumanida tezkor vakil, Jizzax shahrida esa profilaktika inspektori sifatida aholi bilan bevosita ishlab, hudud osoyishtaligini taʼminlashda tajriba oshirdi. U hozirgi vazifasida faoliyat yuritarakan, navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarlarni zudlik bilan tahlil qilib, tergov-tezkor guruhini voqea joyiga tezda yoʻnaltiradi. Aynan mana shu tezkor harakatlar natijasida koʻplab jinoyatlar "issiq izi"dan fosh etilmoqda. Uning uchun har bir soniya muhim – xato qilishga haqqi yoʻq.

 Har bir xodimning yutuqlari ortida uning tinch va baxtli oilasi turadi. Mayor Ortiqov nafaqat namunali xodim, balki mehribon ota hamdir. Uning 3 nafar farzandi bor. Xizmatning ogʻir va masʼuliyatli damlarida oilasining qoʻllab-quvvatlashi unga kuch-quvvat bagʻishlaydi.

 Sarvar SOBIROV,

 oʻz muxbirimiz.

 Jizzax viloyati.