Bir ayol dugonasiga:
— Voy dugon, koʻzlaringga nima boʻldi, qizarib ketibdi?
— Kecha qoʻshnimiznikida janjal boʻlayotgan edi. Men qulf tirqishidan qarab turuvdim, ichkaridan kimdir koʻzimga barmogʻini tiqib oldi.
— Unda ikkinchi koʻzing nimaga qizil?
— Ikkinchi koʻzim bilan kim barmogʻini tiqqanini koʻrmoqchi edim.
Xalqimiz mehrini qozongan soʻz ustasi, qiziqchi, IIV Madaniyat saroyi Ashula va raqs ansambli xodimi, safdor Avaz OXUN bilan suhbatimiz ana shunday samimiy, qalbga yaqin, sof oʻzbekona hazillarga boy, bayramona kayfiyatda boshlandi.
– Sanʼat olamiga kirib kelishning oʻziga yarasha mashaqqatlari bor. Keyingi qiyinchiliklar ham avvalgilaridan kam emas, albatta. Chunki sahna har doim mahorat, tinimsiz izlanish va masʼuliyatni talab qiladi. Ayniqsa, muxlislardan «Yangisidan boʻlsin!» degan taklif tushib tursa...
– Darhaqiqat, sanʼat har doim izlanishni talab etadi. Agar sanʼatkor yangilikka intilib, zamonga hamqadam boʻlmas ekan, qatordan qolib ketadi. Men ham sanʼat olamiga qanchalik mashaqqat bilan kirib kelgan boʻlsam, bugun oʻz ijodimga, kerak boʻlsa, har bir soʻzimga shunchalik masʼuliyat bilan yondashaman. Xalqimizning «Aytilgan soʻz, otilgan oʻq», hikmati bejiz yaralmagan. Shu bois har bir gapimning magʻzini chaqishga harakat qilaman va doim oʻylab yuraman. Faqat uxlaganda oʻylamayman (kuladi).
– Qiziqchining ustomonligi har bir soʻzining «tosh bosishi»dir. Avaz Oxunga xos kulguda bunga qanchalik ahamiyat qaratiladi?
– Toʻgʻri kelgan mavzuni tilga olib, odamlarni shunchaki kuldirish havoga uchgan gap bilan barobar. Soʻz ustasi har bir chiqishida xalq hayotidan «qaynoq» mavzuni olib, uni sovutmasdan, yana xalqqa qaytarishi kerak. Ammo bu shunchaki jarayon emas. Qolaversa, bunda mohiyatni saqlab qolib, unga ozgina «qalampir» qoʻshib, mavzu yukini yanada oshirish soʻz ustasidan katta mehnat talab qiladi.
Hayot biz oʻylagandek bir maromda davom etmaydi. Unda qaygʻu, shodlik, yaxshilik va yomonlik birdek yonma-yon. Shunday ekan, turli toifa va xarakter egalariga mos soʻzni topib aytish, sanʼatkordan nafaqat «tosh bosadigan» mavzu tanlash, balki soʻzga zargarona ishlov berish, inja sanʼat sohibi, nafis soʻz ustasi boʻlishni ham talab etadi.
– Jiddiy, masʼuliyati ogʻir soha vakillarini, xususan, ichki ishlar organlari xodimlari, ularning xizmatini chiqishlaringizda tilga olganda koʻproq nimalarga eʼtibor qaratgansiz?
– Oʻzim ham ichki ishlar organlari xodimi boʻlganligim uchun tizimning oʻziga xos jihatlaridan boxabarman. Xizmatlarni, xodimlarning ruhiy holatini ham yaxshi tushunaman. Qisqasi, sohaning ichidaman. Shu bois xodimlarni kuldirish men uchun qiyin emas. Chunki insonning biror soha haqidagi tasavvuri qancha kengaysa, shuncha yangi fikr paydo boʻladi. Bu soʻz ustasi uchun yangi chiqishga «tomizgʻi» degani. Qolaversa, soʻz ustasi uchun eng muhimi – har bir sohaning oʻz gapini topa bilish. Chunki xohlaymizmi, yoʻqmi, har bir sohaning oʻz mavzusi, oʻz gapi bor.
Masalan, oʻqituvchilarga taʼlim muassasasi bilan bogʻliq yoki boʻlmasa dars jarayonidagi turli voqealarga bir shingil yumor qoʻshib aytilgani maʼqul. Dehqonga qishloq xoʻjaligi toʻgʻrisida, talabalarga «oltin davr» bilan bogʻliq voqeliklar qiziq. Xullas, buning uchun koʻproq soha haqida maʼlumotga ega boʻlish va ulardagi yutuqlar bilan birga, oʻz oʻrnida, kamchiliklarni ham sezib, odamlarning dardini tushunib, uni ommaga yetkazishni bilish lozim.
Yana bir jihat: qiziqchining gapida haqiqat boʻlishi kerak. Chunki tomoshabinni hayotiy boʻlmagan masala, yaʼni osmondan olingan latifa bilan kuldirib boʻlmaydi. Soʻz ustasining haq gapi – tomoshabin diqqatini ushlab turuvchi eng asosiy omil. Sahnaga olib chiqilgan mavzuning hayotiyligi soʻz ustasining mahorati bilan yanada qiziq koʻrinish kasb etishini ham aytib oʻtishim kerak.
– Sizningcha, kulish osonmi yoki kuldirish?
– Voy, tayyor ovqatni isteʼmol qilish osonmi yoki ovqat pishirishmi, degandek gap boʻldi-ku (kuladi). Albatta, kuldirish qiyin-da. Kulgi ikki xil boʻladi. Birinchisi – tanqid, ikkinchisi – tahlil va maqtash. Kamchiliklarga satirik yondashuvda ham yuqorida aytganimdek, hayotiylik va haqiqat boʻlmasa, uning tomoshabinga qizigʻi yoʻq. Tanqidda har bir soʻzni oʻz oʻrnida, six ham kabob ham kuymaydigan tarzda ifoda eta bilish kerak. Tahlilda esa, oʻz navbatida, bir mavzuni chuqur oʻrganib keyin xulosa qilish muhim va u, albatta, asosli boʻlishi kerak. Kuldirishning kulishga qaraganda, qiyinligi ham shunda.
– Bugun xususiy telekanallarda yengil kulgi uygʻotuvchi, qaysidir maʼnoda, hayratlanarli turli koʻngilochar loyihalar efirga uzatilmoqda. Shunday dasturlarga nisbatan baʼzi tomoshabinlarning meʼyor, saviya borasida eʼtiroz bildirayotganini ham eshitib qolamiz. Ayting-chi, siz kulgining, hazil-mutoyibaning meʼyorini qanday belgilaysiz?
– Xususiy telekanallardagi yengil kulgi uygʻotuvchi dasturlar efir vaqtini toʻldiryapti, xolos. Oxirgi paytlarda, uchirma «prikol»lar, shaxsning ustidan kulish, shevada gapirish koʻpaydi, badiiylik yoʻqoldi. Bunday hazillarni televideniega olib chiqish shartmikin, deb oʻylab qolaman. Axir, salomlashish, kiyinish, gapirishdan tortib, sahnada turishning ham oʻziga xos madaniyati bor. Qolaversa, sahnada gapirilayotgan gap oʻzbekcha boʻlishi kerak. Ayrimlarning ijodida esa gʻarbga taqlid bor. Undan koʻra, oʻzimizning dardimizdan gapiraylik. Toʻgʻri, hammada ham kimningdir koʻnglini ogʻritib qoʻyaman, degan ichki «tsenzura» boʻladi. Ammo zoʻrma-zoʻraki kulgilardan voz kechishimiz kerak.
Endi kulgidagi meʼyorga kelsak, choyxonaning gapini sahnada aytib boʻlmaydi. Atrofimizga sinchkovlik bilan nazar solsak, qiziqchiga mavzu qalashib yotibdi. Faqat izlanish kerak. Soʻz ustasi sahnada oʻz ota-onasi oldida, oila davrasida bemalol ayta oladigan latifasini aytishi kerak, deb oʻylayman. Axir, zalda oʻtirganlar ham birovning ota-onasi, ayoli, singlisi... Endi buning qanchalik uddasidan chiqish, auditoriyani baholay olish, sanʼatkorning fahmu farosati va zehnu zakovatiga bogʻliq.
– Doim xalq orasidasiz, baʼzan tor, baʼzan katta davralarda aks taʼsir etuvchi tomoshabinlar ham boʻladimi? Bunday vaziyatlarda qanday yoʻl tutasiz?
– Toʻgʻri, hayotda boʻlgani kabi, sahnada ham hammaga birdek yoqish qiyin. Baʼzan eʼtiroz ham boʻlib turadi. Masalan, bir safar davradagilardan kimdir, «Hadeb ayollarni gapiraverasizmi?» deb qoldi. Men yuqorida keltirgan jihat, yaʼni yana oʻsha kulgidagi haqiqatga qaytishga majburman. Shunday paytda tilga olgan mavzuimning hayotiy haqiqat ekanligi bilan asoslab berganman.
– Siz bilan yangi yilning ilk kunlarida suhbatlashyapmiz. Koʻp sonli muxlislaringizga qanday tilaklaringiz bor.
– Yurtdoshlarimizga, qolaversa, mushtariylarimizga, avvalo, mustahkam sihat-salomatlik tilayman. Kirib kelgan yangi yil niqobsiz yuradigan yil boʻlsin. Har bir xonadonda tinchlik-totuvlik hukm surib, dasturxonlarida fayz-baraka boʻlsin.
Elimizning osuda hayoti uchun doim sergak, burchga sadoqat va kasbiga fidoyi osoyishtalik posbonlari yaqinlari baxtiga eson-omon boʻlsin.
Barcha-barchamizga yangi yil xayrli kelsin. Muxlislarimizni mehr-oqibat, tabassum aslo tark etmasin. Zero, biz sanʼatkorlar xalqimizning qaynoq mehridan, oqibatidan kuch, yuz-koʻzlaridagi tabassumdan zavq, ishtiyoq olamiz.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA
suhbatlashdi.
