Qahramonimiz Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida tugʻilgan. Otasi Qulsaxat aka va onasi Sayyora opa Zavqiddinni toʻngʻich oʻgʻilligi tufayli ukalariga gʻamxoʻr, oilada esa yordamchi qilib tarbiyaladilar. Bir kuni u onasiga roʻzgʻor yumushlarida qoʻmaklashayotganida, qoʻshnilarining uyidan quyuq tutun chiqayotganini koʻrib qoldi. Zavqiddin yugurib koʻchaga chiqsa, qoʻshni ayol – Zilola opa uyi yonayotganligi, ichkarida toʻrt yoshli oʻgʻli Mansurbek qolganligini aytib, yordam soʻrab har tomonga chopar edi. Zavqiddin zudlik bilan uy ichiga kirib, qichqirib yigʻlayotgan Man­surbekni tashqariga olib chiqdi. Shu orada oʻt oʻchiruvchilar yetib kelib, yongʻinni bartaraf etishdi. 

Ushbu voqeadan soʻng Zilola opa uni qachon koʻrib qolsa: «Bolam­ning joniga oro kirgan bolam», – deb alqardi. Onasi esa har tongda peshonasidan oʻpib: «Ilohim, elning koriga yaraydigan inson boʻl!» – deb duo qilardi. Zavqiddin bolaligidan harbiylarga havas bilan qarardi. Sport bilan shugʻullanishni ham yaxshi koʻrardi. Hatto oʻsmirlar oʻrtasida sportning shotokan karate-do turi boʻyicha respublikada faxrli 3-oʻrinni egallagandi. 

U 2006-yilda yigitlik burchini oʻtab boʻlgach, IIV Xalqaro aeroportlarni qoʻriqlash boʻyicha qoʻshinlari safiga shartnoma asosida xizmatga qabul qilindi. Onasi duo qilganidek, el koriga yarash baxtiga sazovor boʻldi. Shunga ham mana, 18 yil boʻlyapti.  

Hozirda yoshlarga hamda xizmatga yangi qabul qilinganlarga harbiy va jangovar mashinalarga texnik xizmat koʻrsatish, ularni sozlash, kezi kelganda mohirlik bilan boshqarish sirlarini oʻrgatib kelmoqda. Fidoyiligi, kasb mahorati, xizmatda erishgan yutuqlari uchun Ichki ishlar vazirining qimmatbaho sovgʻalari, «Qoʻshin aʼlochisi» koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.

Doniyorbek TURGʻUNOV, 

II darajali serjant.