Oilaviy janjallar surunkali tus olgach, Maftuna erining uyiga qaytishidan bezillab qoldi. Janjalsiz oʻtgan kun uning uchun bayram edi. Oxiri sabr kosasi toʻldi. Bolalarini olib otasinikiga ketib qoldi. Turmush oʻrtogʻi ortidan bir necha marta keldi, lekin chilparchin boʻlgan koʻngil shishasini yamab boʻlmadi.
– Er-xotinni murosaga keltirish, yarashtirish uchun mutasaddi tashkilotlar xodimlari va psixologlar bilan hamkorlikda koʻp ishladik, – deydi Mirzaobod tumani IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori, kapitan Irina Xudoyqulova. – Afsuski, oilani saqlab qolishning iloji boʻlmadi.
Shundan soʻng Maftunani ish bilan taʼminlash choralari koʻrildi. U oʻzi yashayotgan mahallaga tutash Guliston shahridagi yirik oziq-ovqat majmuasiga ishga joylashdi. Lekin topish-tutishi farzandlarini boqish uchun yetarli boʻlmadi. Shu sabab sudga aliment undirish uchun ariza berdi. Sudda eri oʻzini u yoqdan-bu yoqqa tashlab koʻrdi. Shunga qaramay, sud uning zimmasiga farzandlari foydasiga aliment toʻlash majburiyatini yukladi.
Er qonun talabiga bepisandlik bilan munosabatda boʻlib, bolalariga gʻamxoʻrlik qilishdan bosh tortdi. Shuning uchun Majburiy ijro byurosi aliment pullarini undirish bilan shugʻullana boshladi. Erning tegishli mol-mulki, rasmiy daromadi boʻlmagani bois yigʻimni undirish qiyinchilik tugʻdira boshladi.
Bu masalaga tuman ichki ishlar organlari tomoshabin boʻlib tura olmasdi. Tuman IIB xodimlari aliment undirish, yana bir oilaviy nizoning yechimini topish bilan jiddiy shugʻullana boshlandi. Koʻp oʻtmay, qonun talablarini bajarishdan qochib yurgan er topildi. Unga qilmishlarining huquqiy oqibati tushuntirildi. Natijada Maftunaning farzandlari foydasiga biryoʻla 90 million soʻm miqdoridagi aliment puli undirib berildi.
– Koʻrsatilgan koʻmak uchun tuman Ichki ishlar boʻlimi xodimlariga minnatdorlik bildiraman, – deydi Maftuna Ilashboyeva. – Undirilgan aliment pulini koʻp qavatli uydan kvartira sotib olish uchun boshlangʻich toʻlovga toʻlash niyatimiz bor.
Ayollar va voyaga yetmaganlarning haq-huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan yuqoridagi kabi misollarni yana keltirish mumkin. Zotan, ishga masʼuliyat bilan yondashuv tumanda osoyishtalikni saqlashning muhim omili boʻlib xizmat qilmoqda.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
oʻz muxbirimiz.
Sirdaryo viloyati.
