Besh nafar oʻrtoq shahar chetida yigʻildi. Ular orasida Murodbek (voqea ishtirokchilarining ism-sharifi oʻzgartirildi) ham bor edi – hali 19 yoshga ham toʻlmagan, qonida shijoat qaynayotgan yigit.
– Ketdik, aylanib kelamiz! – dedi u oʻziga bino qoʻyib.
Qarshisida turgan «Tracker» avtomashinasi goʻyo uni chorlayotgandi. «Temir tulpor» hali rasman uning nomiga oʻtmagan, biroq kaliti allaqachon qoʻlida edi. Achinarlisi, Murodbek haydovchilik guvohnomasini ham olmagandi.
– Boshqara olasanmi? – soʻradi doʻstlaridan biri shubha bilan.
Murodbek kulimsiradi:
– Koʻrasan hozir!
Shu lahzada aql sukut saqladi, ehtiros esa tizginni qoʻlga oldi. Avtomashinaga oʻtirishi bilan gazni qattiq bosgan Murodbek magʻrurlik bilan koʻchaga uchib chiqdi. Avvaliga hammasi koʻngildagidek edi: shodon kulgi, baland musiqa va shamolni yorib oʻtayotgan tezlik – yoshlikning mastona kayfiyati... Keyin esa tezlik yanada oshdi.
– Yana tezroq! – degan hayqiriqlar yangradi. Murodbek gazni oxirigacha bosdi. Shu payt... hammasi bir lahzada oʻzgardi. Rul titradi, avtomashina silkinib ketdi.
– Ehtiyot boʻl! – deb baqirdi mashinadagi doʻstlari. Ammo kech edi. Temir panjaralar chirsillab sindi. Mashina toʻgʻri kanal tomon uchdi. Suvga qulashdan oldingi oʻsha bir necha soniya – umrning eng uzoq va dahshatli onlari edi. Qichqiriqlar... Qoʻrquv... Va sovuq sukunat...
Mutaxassislar hodisa joyiga yetib kelganida, beligacha loyga botgan avtomashina, jarohatlangan yoshlar va atrofda hukm surayotgan tushuntirib boʻlmas vahima...
Oradan koʻp oʻtmay, tergov boshlandi. Katta leytenant Farida Sultonova uchun bu shunchaki navbatdagi ish emas, balki adolatni qaror toptirish sinovi edi.
– Mashina boshqaruvida kim boʻlgan? – soʻradi u sokin, ammo qatʼiy ovozda.
Javoblar esa deyarli bir xil boʻldi:
– Bilmaymiz...
– Hech kim koʻrmadi...
– Eslolmayman...
Goʻyo hamma oldindan til biriktirib olgandek. Farida ularning koʻzlariga boqdi. Qoʻrquv bor, ammo haqiqatdan asar ham yoʻq edi.
Keyin u jarima maydonchasiga yoʻl oldi. U yerda pachoqlangan, loyga botgan «Tracker» goʻyo tilsiz guvohdek sokin turardi. Farida ehtiyotkorlik bilan eshikni ochdi va ichkarini sinchkovlik bilan koʻzdan kechira boshladi. Har bir chiziq, har bir iz u uchun muhim ahamiyatga ega.
Dafʼatan u toʻxtab qoldi. Rul yonidagi havo aylantirish teshikchasida nimadir koʻzga tashlandi. Egilib qaradi: qotib qolgan 4–5 tomchi qon izi... Kichik, ammo tergov taqdirini hal qiluvchi muhim dalil.
– Mana sen qayerdasan... – pichirladi u past ovozda.
Ekspertiza javobi kutilgan kunlar yillardek uzoq tuyuldi. Nihoyat, natija keldi: qon – Murodbekka tegishli! Haqiqat yuzaga chiqdi. Keyingi texnik tahlillar esa barchasini oʻz oʻrniga qoʻydi: haydovchi yonida oʻtirgan yigit oynadan chiqib ketgan, orqadagi yoʻlovchilar esa boshqa tomonda boʻlishgan. Qon izi esa aynan rul atrofida edi. Bu tasodif emas, bu – inkor etib boʻlmas isbot edi...
Mazkur voqea Urganch tumani IIB huzuridagi tergov guruhi surishtiruvchisi, katta leytenant Farida Sultonovaning kundalik faoliyatidan bir lavha. U yosh boʻlishiga qaramay, oʻz kasbiga sidqidildan yondashadigan, har bir ishda adolat mezonini ustun qoʻyadigan tergovchidir.
Katta leytenant Farida Sultonova uchun tergov jarayonidagi har bir jild shunchaki navbatdagi hujjatlar toʻplami emas, balki inson taqdiri va haqiqat bilan bogʻliq yuksak masʼuliyat demakdir. Sinchkovligi va kasbiy mahorati zamirida esa bitta ezgu maqsad – adolatni qaror toptirish va haqiqatni yuzaga chiqarish istagi mujassam.
Farida bolaligidanoq intizomliligi va bilimga chanqoqligi bilan ajralib turdi. U IIV Xorazm akademik litseyini muvaffaqiyatli tamomlab, vazirlik Akademiyasiga oʻqishga kirdi. 2022-yilda «Tergov faoliyati» yoʻnalishini bitirib, xizmat faoliyatini boshladi.
Aynan Akademiyada olgan nazariy bilimlari uni bugungi kunda eng murakkab ishlarda ham haqiqatni topishga yetaklamoqda. Hozirda u tajribali ustozlari koʻmagida, ular bilan yelkama-yelka turib, sidqidildan faoliyat yuritmoqda.
Nilufar JABBOROVA,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
