Navoiy viloyati IIB rahbariyatining tashabbusi bilan ichki ishlar organlari xodimlari, faxriylar, ishchi-xizmatchilar hamda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilaridan iborat guruh Toshkent shahrida sayohatda boʼldi.
Sayohatchilarning dastlabki manzili “Yangi Oʼzbekiston” bogʼi boʼldi. Ular bogʼ markazidan oʼrin olgan Oʼzbekistonning qadim tarixidan hozirgacha yuz bergan eng muhim voqealarni oʼzida aks ettirgan monumentni tomosha qilishdi. Shundan soʼng mehribonlik uyi bolalari uchun bayramona dasturxon yozilib, taassurotlar almashinildi. Azim shaharning oʼziga xos koʼrinishi, zamonaviy meʼmoriy obidalari hamda koʼngilochar joylarida boʼlishni maqsad qilgan sayohatchilar “Magis city”ga borishdi, madaniy hordiq olishdi. Kun yakunida esa “Gʼalaba bogʼi”ga tashrif buyurishib, oʼz hayoti evaziga kelajak avlod tinchligi va osoyishtaligi uchun qahramonlik koʼrsatgan vatandoshlarimiz hayoti aks etgan koʼrgazmalar bilan yaqindan tanishdilar.
Tashkil etilgan tadbir davomida, navoiylik IIB xodimlari mamlakatimizning boy oʼtmishi, maʼnaviy qadriyatlari va anʼanalariga yana bir bor guvoh boʼldi. Eʼtiborlisi, bu kabi sayohatlar oʼsib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda tarixini chuqur anglash va uning qadriga yetishda katta ahamiyatga ega.
Zavqiddin XOʻJANOV, Navoiy viloyati IIB boshligʻi oʻrinbosari,
Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash
boshqarma boshligʻi, podpolkovnik.
