Ha, yanglishmadingiz. Bu yerda gap oʻtgan asrning 70-yillarida televideniyeda namoyish etilgan oddiy uchastka inspektori Fyodor Aniskin haqida ketmoqda. Bu filmni koʻpchiligimiz sevib tomosha qilganmiz. Aktyor Mixail Jarov ijro etgan ushbu film qahramoni oʻzining samimiyligi, qishloq ahlining dardu quvonchiga sherik boʻlishi va eng muhimi, xizmat hududida sodir boʻlgan jinoyatlarni tez fursatda fosh etishi bilan muxlislar qalbidan joy olgan.

Men Aniskinlar haqidagi filmlarni tomosha qilganimda, koʻz oldimda oʻzbek militsiyasi safida xizmat qilgan, xarakteri, ish uslubi, hatto gavdasi, tashqi koʻrinishi ham Fyodor Aniskinga oʻxshab ketadigan ikki nafar uchastka inspektori gavdalanadi.

Ulardan biri – oʻttiz besh yil davomida Toshkent teleminoradan to Halqa avtomobil yoʻligacha (maʼlum bir qismi Toshkent tumani hududidan oʻtgan) boʻlgan hududda, shuningdek, «Tutzor», «Sabzavot» va «Darxon» mahallalarida uchastka noziri boʻlib xizmat qilgan kapitan Zikir Ziyayevdir. 

Toshkent tumani Ichki ishlar boʻlimi xodimlari sifatida biz Zikir akaning boy ish tajribasi va kasbiy mahoratidan koʻp narsalarni oʻrganganmiz.

...Kuz faslining oxirlarida tuman hududida mol oʻgʻrilari «jonlanib» qoldi. Har kuni tumanning qaysidir manzilidan ot va qoramollar yoʻqola boshladi. Rahbariyat tomonidan maxsus guruh tashkil etilgach, barchamiz «Darxon» mahallasidagi uchastka noziri xonasiga yigʻildik.

Bir mahal Zikir aka xuddi chorvador qiyofasida, eski kiyimlarni kiyib xonaga kirib keldi. Soʻng bizga qarata shunday dedi:

– Sizlar bozorga kirmay turinglar, men oʻzim ichkarini kuzatib, xabar olaman...

Mol bozoriga kirib ketgan Zikir aka oradan ikki soat oʻtib, bir yigit bilan chiqib keldi. Keyin ular «Jiguli» mashinasiga oʻtirib, Chirchiq shahri tomon yoʻl olishdi. 

Keyin maʼlum boʻlishicha, oʻgʻri yigitlardan biri uyida sotiladigan bir nechta moli borligini, lekin ularni bozorga olib kelish imkoni yoʻqligini aytgan va bizning «xaridorimiz» bilan savdolashgan ekan...

Toshkent tumanida xizmat qilgan, oʻz kasbiga sadoqati bilan Aniskinga qiyoslanadigan yana bir hamkasbimiz – podpolkovnik Ismoil Fayziyevdir. 

Tumandagi «gʻishtkoʻprik» mahallasida tavallud topgan bu inson mehnat faoliyatini oddiy kinochilikdan boshlagan. Qizigʻi shundaki, aholiga detektiv janridagi filmlarni namoyish etish jarayonida unda ichki ishlar idoralari xodimlarining sharafli kasbiga havas uygʻonadi va militsioner boʻlishga qaror qiladi. 

Uzoq yillar uchastka noziri boʻlib xizmat qilgan Ismoil akaning hayot yoʻli, xizmat faoliyati ham har bir yosh xodim uchun haqiqiy ibrat maktabidir. Uning kasbiy mahorati, faoliyati bilan bogʻliq qiziqarli voqealar haqida soatlab soʻzlash, koʻplab misollar keltirish mumkin.

Maqolamizda Toshkent tumani Ichki ishlar boʻlimida xalqimiz tinchligi yoʻlida sadoqat bilan xizmat qilgan ikki nafar zahmatkash uchastka noziri – marhum ustozlarimiz haqida qisqa soʻz yuritdik. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, koʻp yillik faoliyati davomida ibratli voqealar va hayotiy saboqlari shu qadar bisyorki, ularning har biri alohida bir filmga mavzu boʻlishga arziydi.


Rahimjon SHODIYEV, 

isteʼfodagi kapitan, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi.

Toshkent viloyati.