Buxoro shahrida yashovchi D.E. ismli ayol qasddan jinoyat sodir etish yoʻliga oʻtib, Buxoro shahrida yashovchi tanishi 1989-yilda tugʻilgan M.A. bilan ishqiy munosabatlarda boʻladi. Ular hattoki ijtimoiy tarmoq orqali yozishmalar ham qilishadi. Ayol yigitning ishonchiga kirgach, maqsadi sari odimlaydi. Yaʼni u ijtimoiy tarmoq orqali olib borgan yozishmalarini turmush oʻrtogʻiga koʻrsatish bilan qoʻrqitib, buning evaziga M.A.dan “Iphone 14 promax” rusumli telefon apparatini olib berishni talab qiladi. Noiloj qolgan yigit viloyat IIBga murojaat etdi.
Yaqinda viloyat IIB JQB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida D.E. Buxoro shahridagi “Korzinka-1” savdo majmuasi avtoturargohida talab qilgan telefon apparatini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
M.AHADOV,
“Postda” muxbiri.
