2000-yili Xonqa tumanida tugʻilganman. Maktabga borgach, tugʻilgan kunim har yili nishonlanmasligini anglab, juda xafa boʻlganman. Ota-onam meni ovutish uchun 28-fevral kuni sinfdoshlarimni uyimizga taklif qilib, tugʻilgan kunimni nishonlashardi. Lekin bu bazmlar negadir menga tatimasdi. Bir gal yangi yil arafasida opam Iroda 2012-yil taqvimini sovgʻa qildi. Taqvimdagi 29-fevral sanasini koʻrib, quvonchim ichimga sigʻmay ketdi. Bu taqvim men uchun eng qadrli sovgʻa boʻlgandi oʻshanda.
Ochigʻi, hozir ham har yili tugʻilgan kunini nishonlaydigan hamkasblarimga, tengdoshlarimga, yaqinlarimga havasim keladi. Tabriklar, qutlovlar, dil izhorlari... Men esa toʻrt yilda bir marotaba takrorlanadigan bu sanani intiqlik bilan kutaman. Bayramona bezatilgan dasturxon atrofida doʻstlarim bilan diydorlashib, shirin suhbatlar quramiz, begʻubor yoshlik davrimizni eslaymiz. Hayotning bunday quvonchli onlari, shirin lahzalari kimga zavq-shavq bagʻishlamaydi, deysiz.
Farida SULTONOVA,
Urganch tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi surishtiruvchi vazifasini bajaruvchi, leytenant.
