Samarqand viloyati IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi togʻli va chegaradosh hududlardagi tezkor boʻlinmalari xodimlari Urgut tumani Torinjak mahallasida yashovchi G.M. koʻp miqdorda geroin giyohvandlik moddasini sotish va yashash manzilida saqlash bilan shugʻullanib kelayotganligi toʻgʻrisida tezkor maʼlumot olgan.
Ushbu jinoiy faoliyatni fosh etish maqsadida 18 yanvar kuni Urgut tumanining Algar mahallasida tezkor tadbir oʻtkazildi. Tadbir davomida fuqaro G.M., J. ismli shaxsga ikki dona qogʻoz boʻlagiga qadoqlangan geroin giyohvandlik moddasini sotgan vaqtida ushlandi. Uning "Damas" mashinasi koʻzdan kechirilganda, avtomashina salonidan 2 dona gugurt quti, 7 dona qogʻoz boʻlagi va 1 dona selofan paketga qadoqlangan sof vazni 0,96 gramm miqdoridagi geroin moddasi borligi aniqlangan.
Viloyat IIB axborot xizmati xabariga koʻra, mazkur holat yuzasidan Urgut tumani IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zamira BOLTAYEVA,
«Na postu» muxbiri.
Samarqand viloyati.
