U tanishlari orqali ijaraga uy topdi. Kelishilgan pul toʻlanmasa, uyni boʻshatib qoʻy, deyishi
tayin. Lobarda ham shunday boʻldi. Ammo qilgan ishidan vijdoni biroz qiynalgan uy egasi tanishlarining maslahati bilan Narpay tumani IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, katta leytenant Matluba Elamonovaga qoʻngʻiroq qilib, vaziyatni tushuntirdi. Inspektordan «Darhol menga xabar berishingiz kerak edi, homilador ayolga biron nima boʻlsa...» degan taʼkidni eshitgach, Lobarni oʻzi qidirishga tushdi.
– Biz Lobarni ikki farzandi bilan tanish opasining uyidan topdik, – deydi katta leytenant Matluba Elamonova. – Uning oy-kuni yaqin edi. Ayol bilan suhbat jarayonida maʼlum boʻldiki, oilada oldindan kelishmovchiliklar boʻlgan.
Lobarning qaynonasi bilan suhbatlashishganimizda, u kelinini ham, nabiralarini ham uyiga kiritmasligini aytib, jahl bilan chiqib ketdi. Shu orada Samarqand shahridagi «Ona va bola» markazida Lobarning koʻzi yoridi.
Bugun Lobar Ayollarni ijtimoiy himoya qilish reabilitatsiya markazida
3 nafar farzandi bilan yashayapti. Mazkur markazda huquqiy savodxonligi yoʻqligi va boshqa sabablar tufayli turmushning koʻp mushtlariga duch kelgan ayollar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Unga mutasaddilar va katta leytenant Matluba Elamonova tufayli barcha hujjatlar rasmiylashtirilib berildi.
– 57 ta mahalladagi
50 mingdan ortiq oilalarda 102 ming nafardan ziyod xotin-qizlar istiqomat qiladi, – deydi Matluba Elamonova. – Men ana shu xotin-qizlarning turmush tarzi,
yashash sharoiti, muammolarini oʻrganish, mavjud muammolariga yechim topishni birinchi galdagi vazifam deb bilaman. Oʻtgan yili tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan 119 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi. Buzilish yoqasiga kelib qolgan 73 ta oila yarashtirildi. Koʻplab xotin-qizlarning nizolari bartaraf etildi.
Lavhamiz qahramoni biz bilan suhbatda aslida oila ostonasidan tashqariga chiqqan bu taxlit muammolarni hal etish oson ish emasligini taʼkidladi. Ammo mahalla yettiligi, hamkor tashkilotlar koʻmagida chora-tadbirlar turli sabab va oqibatlarga yechim topishda qoʻl kelib, oilalarda sogʻlom muhit hukm surishiga asosiy omil boʻlib xizmat qilayotganini taʼkidladi.
Taqdir – sinovli yoʻl. Kimning odimlari ravon, kimdir esa nimadir sabab bilan qoqiladi. Shunday pallalarda katta leytenant Matluba Elamonova singari ezgu maqsad bilan qoʻl uzatguvchi xodimalarning boriga shukur.
Gulnoza
TURGʻUNBOYEVA,
oʻz muxbirimiz.
