Xorazm viloyati musiqali drama teatrida ichki ishlar organlarida ustoz-shogird anʼanasini yanada rivojlantirish, soha faxriylarini ijtimoiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash hamda ularning boy hayotiy tajribalarini yoshlarga oʻrgatish maqsadida “Uch avlod uchrashuvi” oʻtkazildi.

Tadbirga ichki ishlar organlari xodimlari, faxriylar hamda litsey oʻquvchilari taklif etildi. Uchrashuvda viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Ravshan Sultanxodjaev soʻzga chiqib, xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish, xizmat intizomi va qonunchilik talablariga rioya etishida faxriylar hamda ustoz-murabbiylarning oʻrni muhim ahamiyatga ega ekanligiga toʻxtalib oʻtdi.

Tadbirda viloyat Yoshlar agentligi rahbari Sardorbek Polvonov soʻzga chiqib, bugungi kunda viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda yoshlar agentligi oʻrtasidagi uzviy hamkorlik samarali davom etayotgani bois, turli yoʻnalishlarda ijobiy natijalarga, yutuqlarga erishilayotganini alohida eʼtirof etdi.

Uchrashuvda soʻz olganlar ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratib berilayotgan sharoitlar va imtiyozlar hamda taʼlim-tarbiya jarayonlari haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Tadbirda oʻzlarining boy, hayotiy tajribalarini yosh xodimlarga oʻrgatishdagi faol ishtiroki hamda xizmat burchini bajarishdagi fidoyiligi uchun ichki ishlar organlari faxriylari hamda xodimlariga boshqarma rahbariyati tomonidan minnatdorlik bildirildi va esdalik sovgʻalari topshirildi. 

Xudoybergan JABBOROV,

oʻz muxbirimiz.

Xorazm viloyati.