Ichki ishlar boʻlimiga kelib tushgan maʼlumotlar asosida, uning uyida tintuv oʻtkazilganida, uch ta gugurt qutiga joylanib, sotish uchun tayyorlab qoʻyilgan marixuana giyohvandlik vositasi topildi. Ushbu holat xolislar ishtirokida tegishli tartibda rasmiylashtirildi. 

«Ha, endi, qilmish – qidirmish deganlaridek, giyohfurush jazosini oladi-da», deyishga shoshilmang. Chunki Toʻraboy aka boshlagan «ishi» chappasiga aylanib qolsa, suvdan quruq chiqish payida yugurgilaydigan uddaburonlardan chiqib qoldi. U tergov ishini olib borayotgan Kattaqoʻrgʻon shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimi katta tergovchisi, mayor Nazirjon Yuldoshevning har bir savoliga uzr-maʼzurini qoʻshib, «otalarcha mehr-oqibat bilan» oʻz «taklifi»ni bildirdi. Yaʼni, oʻziga qoʻyilgan ayblovni yengillatish evaziga 1000 AQSH dollari miqdorida pul berishini aytdi. Tergovchi fuqaroga ushbu harakati noqonuniyligini, pora berish-olish jinoyat ekanligini bir necha bor tushuntirdi. Shunga qaramasdan, u pora tariqasida pul berish fikridan qaytmadi. 

Shundan soʻng mayor Nazirjon Yuldoshev Samarqand viloyati IIB boshligʻi nomiga bildirgi bilan murojaat qiladi. Natijada Toʻraboy aka birinchi aybidan yengilgina qutulish maqsadida ikkinchi bir qonunbuzarlikka qoʻl urib, vaʼda qilgan pullarning yarmini berayotgan vaqtida qoʻlga olindi. 

– 2013-yildan buyon tergov sohasida faoliyat yuritaman, – deydi mayor Nazirjon Yuldoshev. – Tajribamda bunday holatga ikkinchi bor duch kelishim. Avvalo, hammamiz ham xom sut emgan bandamiz, kamchiliklardan xoli emasmiz. Kuzatishlarim asosida aytmoqchimanki, kimlardir huquqiy savodxonligi pastligi oqibatida qonun buzilishiga yoʻl qoʻyadi. Afsuski, mol-dunyo orttirish, tez va oson pul topish maqsadida qonunni oyoqosti qiladiganlar ham bor. Ustiga-ustak, bundaylar aybini tan olmay, huquq-tartibot idoralari xodimlarini chalgʻitishga urinadi. Bunday vaziyatlarda men hamisha «Tergovchining eng yaqin doʻsti qonun», degan aqidaga amal qilaman. 

Qahramonimiz qonunlarga tayanib, adolat ustuvorligini, jinoyatga jazo muqarrarligini taʼminlashdek masʼuliyatli vazifani sadoqat bilan ado etib kelyapti. U ochiq koʻngilligi, samimiyati va mehr-oqibatliligi bilan hamkasblarining mehrini qozongan. Ayniqsa, sohaga ilk qadamlarini qoʻyayotgan yoshlardan yordamini ayamaydi. Kasbiy salohiyatini oshirishda ustozi ayni paytda isteʼfodagi podpolkovnik Shonazar Shodiyevning alohida oʻrni borligini taʼkidlab charchamaydi. 

Yoshi ulugʻlarimiz hayot ibratlaridan soʻz ochar ekan, «Halolidan qoʻymasin», «Halollikda baraka bor» degan soʻzlarni bejiz tilga olishmaydi. Oramizda xizmatiga, burchiga sadoqatni halollik bilan naqshlagan mayor Nazirjon Yuldoshev singari osoyishtalik posbonlari bor ekan, adolat hamisha tantana qilaveradi. Qonunni aylanib oʻtmoqchi boʻlganlar esa maqsadiga yeta olmaydi.

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Samarqand viloyati.