IIV Malaka oshirish instituti Bektemir bazasida Kasbiy tayyorgarlik oʻquv kursi tinglovchilari hamda sohada uzoq yillar samarali xizmat qilib, bugungi kunda nafaqa gashtini surib kelayotgan faxriylar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” oʻtkazildi.
Unda isteʼfodagi polkovnik Farhod Muhammadjanov, isteʼfodagi mayor Aʼzam Qurbonboyev, isteʼfodagi podpolkovnik Ozodbek Xudoyqulov hamda fahriylar kengashi raisi, isteʼfodagi podpolkovnik Abdurasul Hasanovlar ishtirok etdilar.
Uchrashuvda institut boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Bahodir Ulugʻbekov tinglovchilarga ushbu tadbirning mazmun-mohiyati toʻgʻrisida soʻzlab berdi. Shundan soʻng, faxriylar soʻzga chiqib tinglovchilarga oʻzlarining xizmat faoliyatlari davomida uchragan holatlar, yuzaga kelgan turli xil vaziyatlar toʻgʻrisida hikoya qilishdi.
– Ichki ishlar organlarida xizmat qilish qiyin, lekin shu bilan birgalikda sharafli hamdir, – dedi, fahriylar kengashi raisi, isteʼfodagi podpolkovnik Abdurasul Hasanov. Negaki, har qanday vaziyatda ham xalqingning yonida turish va unga xizmat qilish oliy burch. Ana shunday burchni ado etishda esa xodimlarga sabr-matonat, kuchli iroda va mustahkam sogʻlik, aql-zakovat hamda bilim hamisha kerak boʻladi.
Mehmonlar tomonidan aytilgan har bir oʻgit va zarur tavsiyalar tinglovchilar tomonidan yuqori qiziqish bilan tinglangani uchrashuvning qiziqarli oʻtganidan dalolat. Oʻquv-yigʻini tinglovchilarini vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda oʻtmishni unutmagan holda bugungi zamonga shukronalik hissini uygʻotishda mana shunday tadbirlarning ahamiyati katta.
Uchrashuv soʻngida faxriylar tomonidan tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.
Sherali ANVAROV,
IIV Malaka oshirish instituti boshligʻining Matbuot kotibi, podpolkovnik.
