Samarqand shahrida yashovchi Salom Xoldorov (ism-sharifi oʻzgartirildi) katta boylik orttirish ilinjida odamlarning ishonchini poymol etdi. U dastlab «Muhammad Ali Story Servis» nomli MCHJ korxonasini ochadi. Sariosiyo tumanida «Lutfikor» mahallasi hududida joylashgan «Yangi Oʻzbekiston» massividan auksion orqali uy-joy qurish uchun yer maydoni sotib oladi. Biroq tegishli tartibda roʻyxatdan oʻtmaydi. Boz ustiga, turarjoy binosi qurilishini boshlash uchun tegishli xulosa olmay, fuqarolarning ishonchiga kirishga urinadi.
Ishni uy olish istagida yurgan mahalliy aholi vakillarini izlashdan boshlaydi. Ulardan biri – tumandagi «Boʻyrapoʻsh» mahallasida yashovchi Odil Hakimovga 6 oy muddat ichida turarjoy binosini toʻliq qurib topshirishni vaʼda qilib, aldab, ishni goʻyoki iqtisodiy nizo tariqasida koʻrsatish maqsadida, shartnoma imzolatib oladi. Shundan soʻng qurilmagan uy-joy uchun O.Hakimovdan 437 million 100 ming soʻm miqdoridagi naqd pulni oladi va bu mablagʻni korxonaning bank hisobraqamiga kirim qilmasdan, shaxsiy manfaati yoʻlida ishlatib yuboradi.
Tabiiyki, bugun uy-joy olaman degan xaridor koʻp. Ayniqsa, arzon narxda uy-joy izlab yurganlar qancha. Shunday fuqarolardan biri «Yangi hayot» mahallasida yashovchi Iroda Janiyeva ham S.Xoldorovning toʻriga ilinadi. Unga ham 6 oyda qurilish ishlari yakunlanishini aytib, uy-joy narxini 300 million soʻmga kelishadi. Pulning bir qismini boshlangʻich toʻlov uchun toʻlash kerakligini aytib, ayoldan 54 million 860 ming soʻm naqd pul mablagʻini olgan uddaburon «quruvchi» shu zahoti gʻoyib boʻladi.
Sodda odamlar yiqqan-tergan pulini hujjatlarni tekshirmay, aldovlarga uchib, osongina olib kelib berayotganini koʻrgan Salomning nafsi hakalak otadi. U ish boshqaruvchisi Hamro Gʻulomov bilan birga, aldov yoʻli bilan naq 22 nafar kishining ishonchiga kiradi va ularning 2 milliard 414 million 524 ming soʻm pul mablagʻini soxta shartnomalar orqali oʻzlashtirib oladi.
Pullarini berib qoʻyib, quruvchini ham, uy-joyini ham topolmay sarson boʻlgan fuqarolarning borar manzili Uzun tumani IIB boʻldi. Tergov guruhi tergovchilari ishga kirishgach, barchasi oydinlashdi. Toʻgʻri, firibgarning qilmishlarini birma-bir isbotlash oson boʻlmadi. Ammo tergovchilar buni uddalashdi. Firibgarlarga qonunan chora koʻrilishiga erishildi.
Haqnazar SAFAROV,
mayor.
Feruza RAHMONQULOVA,
oʻz muxbirimiz.
Surxondaryo viloyati.
