Surishtiruv davomida Qarshi tumanida yashovchi 48 yoshli fuqaro oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlgani aniqlandi.
– Oʻsha kuni ruhiy tushkunlik sabab oʻz jonimga qasd qilmoqchi boʻldim, – deydi B.R. – YPX inspektori hayotimni saqlab qoldi. Buning uchun undan minnatdorman. Har qanday payt va vaziyatda yordamga shay ichki ishlar organlari xodimlari doim sogʻ-salomat boʻlishsin.
Qarshi tumanida 1986-yilda tugʻilgan Nodir Nishon agroiqtisodiyot kasb-hunar kollejida, huquqshunoslik yoʻnalishida tahsil oldi.
Harbiy xizmatdan qaytgach, ichki ishlar organlariga hujjat topshirdi va 2007-yili viloyat IIB Qoʻriqlash boshqarmasi «Shoʻrtanneftgaz» USHKni qoʻriqlash batalyonida xizmat faoliyatini boshladi. Tasarrufdagi obyektlar xavfsizligini taʼminlash borasidagi kasb sirlarini ustozi, podpolkovnik Bahrom Yoqubovdan oʻrgandi. Tirishqoqligi, zimmasidagi vazifalarni bekam-koʻst bajarishi bilan eʼtiborga tushdi. Sevimli mashgʻuloti – suzish bilan shugʻullanishni ham kanda qilmadi.
Viloyat IIB PPX va JTSB PPX batalyonida, keyin esa yoʻl harakati xavfsizligi xizmatida faoliyatini davom ettirdi. Shundan buyon u qoidabuzarliklarni aniqlash, yoʻl-transport hodisalarini oldini olish, avariya oʻchoqlari va piyodalar gavjum joylarda xavfsizlikni taʼminlashda jonbozlik koʻrsatib kelmoqda. Birgina joriy yilda ikki yuzdan ortiq qoʻpol qoidabuzarliklarni aniqladi.
Bundan bir necha yillar oldin oʻzi shogird boʻlgan kichik serjant Nodir Mirzayevni Gʻuzor tumani IIB JXX YHXB katta inspektori, leytenant Bahrom Xalilov, boshqarma JXX YHXB texnika nazorati guruhi inspektori, safdor Dilshod Karimovlar ustoz deya eʼzozlashadi.
Rasul bobo bilan Marhamat momoning toʻrt farzandi orasida ikkinchisi Nodir Mirzayev turmush oʻrtogʻi Shahnozaxon bilan 2 nafar farzandni tarbiyalab kelmoqda.
Xalqimizda «Qatorda noring boʻlsa, yuking yerda qolmaydi» degan naql bor. Bu ichki ishlar organlarida 18 yildan buyon xizmat qilib kelayotgan Nodir Mirzayev singari ahdiga, qasamyodiga sodiq, fidoyi va mard xodimlarga nisbatan aytilganiga shubha yoʻq.
Maʼlumot oʻrnida:
Qarshi magistral bosh kanali taxminan oʻn metr chuqurlikda, 40 metr kenglikda boʻlib, asosiy suv oʻtkazish hajmi 195 kubometr-sekundni tashkil etadi. Qarshi shahri va bir nechta tumanlarni sugʻorish manbayi hisoblangan magistral kanalning suv yuzasi sokin koʻrinsa-da, pastki qismi nihoyatda tez oqadi.
Sodiq RAHIMOV,
oʻz muxbirimiz.
Qashqadaryo viloyati.
