Oʻz oldiga katta maqsadlarni qoʻygan Shodiyor kelgusida huquqshunos boʻlish istagi bilan 1998-yili Samarqand davlat universitetiga sirtdan oʻqishga kirdi. Oʻsha yili yana bir orzusi roʻyobga chiqdi: u Guliston shahar IIB 2-mavze profilaktika inspektori lavozimiga xizmatga qabul qilindi. 

Lavhamiz qahramoni yangi vazifa, yangi masʼuliyat oldida dovdirab qolmadi. Oʻsha yillar Guliston shahri markazidagi ushbu mavzeda koʻplab millat vakillari istiqomat qilar, bu kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir etardi. Ichkilikbozlik, bezorilikka qarshi kurashish asosiy vazifalardan biri hisoblanardi. Yosh leytenant mazkur vazifani aʼlo darajada uddaladi. 2000-yilda uni Sirdaryo tumani IIB voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha katta inspektori lavozimiga oʻtkazishdi. Uning bu lavozimdagi faoliyati ham muvaffaqiyatli kechdi. 

2002-yilda Guliston shahar IIB JQB katta tezkor vakili lavozimida ish boshlagan Shodiyor Ibragimov koʻplab jinoyatlarni ochishda jonbozlik koʻrsatdi. Oʻz ishi­ning ustasi boʻlib yetishishida viloyat IIB JQBda faoliyat koʻrsatgan ustozlari – 

podpolkovniklar Rahim Ari­pov va Haydar Mirzabekov katta oʻrin tutdi. Ustozlarning oʻgiti­dan chiqmagan Shodiyor uyush­gan jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi muvaffaqiyatlarga salmoqli hissa qoʻshdi. 

Oʻshanda firibgarlik, tovlamachilik bilan shugʻullangan jinoiy guruhlardan birini fosh etish oson kechmayotgandi. Shodiyor tezkor maʼlumotlarni tahlil qi­lish orqali jinoyatchilarning iziga tushgan edi. Nihoyat, 

2002-yilning kuzida Gulistondagi yogʻ-ekstrakt zavodi yaqinida oʻtkazilgan operatsiyada tovlamachilar qoʻlga olindi. 

Shodiyor Ibragimov xizmat pillapoyalaridan oʻsishda davom etdi. 2004-yilda Mirzaobod tumani IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari, 2006-yilda tuman IIB boshligʻi lavozimiga tayinlandi. 2009–2012-yillarda esa Sayxunobod, Guliston tumanlarida IIB boshligʻi lavozi­mida faoliyat koʻrsatdi. Keyinchalik viloyat IIB tizimida turli lavozimlarda ishlagan Shodiyor Ibragimov koʻplab shogirdlarni tarbiyaladi. Oʻz vaqtida Oqoltin tumani IIB boshligʻi lavozimida ishlagan podpolkovnik Jahongir Haydarov, Sirdaryo, Sardoba tumanlari IIB boshligʻi lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan podpolkovnik Rustam Qorabekovlar shular jumlasidandir. 

– Shodiyor Ibragimov oʻta masʼuliyatli xodim, – deydi viloyat IIB JQB tezkor vakili, podpolkovnik Rustam Qorabekov. – Shuning uchun ham uni koʻpchilik hurmat qiladi. U biz, shogirdlar ichki ishlar organi xodimi boʻlib shakllani­shimizga qimmatli maslahatlari, yoʻl-yoʻriqlari bilan katta hissa qoʻshgan. 

Hozirgi vaqtda podpol­kovnik Sh.Ibragimov Guliston shahridagi 3-sonli IIBda boshliq lavozimida xizmat qilmoqda. Oʻn olti nafar xodim faoliyat koʻrsatadigan mazkur boʻlim xizmat qiladigan hududda 6 ta mahalla bor. Ushbu mahallalarning barchasi «yashil hudud» toifasida. 

U baxtli oila sohibi. Turmush oʻrtogʻi bilan 5 nafar farzandni voyaga yetkazdi. 2 oʻgʻil ota izidan ketgan. Ulardan kattasi Shahboz Usmonov viloyat IIB JXX JTSB PPX safdor xodimi, ikkinchi oʻgʻil Abbos esa IIV Akademiyasi ikkinchi bosqich kursanti.

– Biz otam bilan faxrlana­miz, – deydi Shahboz Usmo­nov. – Undan oʻrnak olishga, hayotiy va kasbiy tajribasidan koʻproq bahramand boʻlishga harakat qilamiz. 

Darhaqiqat, oʻz umrini el-yurt osoyishtaligi yoʻliga sarf­lagan insonning ezgu xislatlari koʻpchilik uchun namunadir. 

Abdurahmon MUSTAFOQULOV,

oʻz muxbirimiz.

Sirdaryo viloyati.