Xalqimizning rizqu nasibasi sanalgan don mahsulotlarini fermerlarimiz va dehqonlarimiz zaxmatli mehnat evaziga yetishtirishadi. Hamyurtlarimizga un mahsulotlarini belgilangan talablar asosida va qulay narxlarda yetkazib berilishini nazorat qilish, turli talon-torojliklarning oldini olish vazifasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar zimmasiga yuklatilgan. Ayni vazifani bajarish maqsadida Navoiy viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan nazorat va reyd tadbirlari muntazam oʻtkazib kelinmoqda.
Yaqinda Navoiy shahri hududida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro T.H boshqaruvida boʻlgan “Isuzi” rusumli yuk mashinasi shubha ostiga olinib kuzatildi. Ushbu avtoulovda davlat buyurtmasi asosida ajratilgan, “Navoiy don mahsulotlari” AJdan “Zarafshon oziq-ovqat invest” XK nomiga rasmiylashtirilgan 200 ta qopda 10 tonna un bor edi. Haydovchi unni yuk xati asosida olib chiqib, Zarafshon shahri “Quruvchi” mahallasiga keltirishi kerak edi.
Ammo qopdagi unlar Navoiy shahri Lochin mahallasi hududida joylashgan novvoyxonaning omborxonasiga tushirilayotgani aniqlandi. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Maʼlumot oʻrnida shuni taʼkidlash kerakki, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushbu un mahsulotlari belgilangan manzilga yetkazib berilishi hamda aholiga tarqatilishini taʼminlashdi.
Mahliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
