U ustozi katta serjant Ilvira Borisovadan sohaning oʻziga maʼlum boʻlmagan qirralarini oʻrgandi. Tirishqoqligi, berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida, bekamu koʻst bajarishi, meʼyoriy hujjatlar va yangiliklarni puxta oʻzlashtirishi tufayli hamkasblari eʼtiboriga tushdi. Hozirda Qarshi shahar IIOFMB EKB katta eksperti lavozimida xizmat qilayotgan mayor Bahodir Joʻrayev bilan turmush qurgach, faoliyatini Qashqadaryo viloyati IIB Axborot markazida katta inspektor sifatida davom ettirdi.
Lavhamiz qahramoni bugungi kunda Qarshi shahar IIOFMB 4-sonli IIB migratsiya guruhi inspektori vazifasida xizmat qilyapti. Oʻzi uchun yangi sohani oʻzlashtirishda unga podpolkovnik Zamira Rustamova yaqindan yordam berdi.
– Katta serjant Dildora Xudoynazarova oʻz ustida ishlab, muntazam kasb mahoratini oshirib boradi. Barchaga xushmuomala, – deydi Qarshi shahar IIOFMB boshligʻining oʻrinbosari, mayor Ural Mahmudov. – U xizmat intizomi va qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etib, kasbiy, jangovar hamda jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlari, turli madaniy-maʼrifiy tadbirlarda faol ishtirok etib kelyapti.
Mayor Bahodir Joʻrayev turmush oʻrtogʻini har jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi. Katta serjant Dildora Xudoynazarova ikki nafar farzandining tarbiyasida ham sobitqadam. Poydevori mustahkam bu oilada voyaga yetayotgan bolalar orasidan ham osoyishtalik posbonlari yetishib chiqsa, ne ajab…
Sodiq RAHIMOV,
oʻz muxbirimiz.
Qashqadaryo viloyati.
