Qaror va ijro

Inson qachon xotirjam boʻladi? Oʻz uyida farzandlari bilan tinchgina umrguzaronlik qilsagina halovat topadi. Xoʻsh, bugun ushbu dolzarb masalaga nima uchun davlat miqyosida ahamiyat qaratilyapti. Chunki insonni qadrlashning birinchi omili har bir oila uchun uy-joy, munosib turmush sharoitini yaratishdir.

Bir paytlar uy olish, bolalarini vatanli qilish ota-onaning eng katta tashvishi boʻlgan. Hozirgi kunda bu muammo sekin-asta bartaraf etilmoqda. Respublikamiz boʻylab, katta-katta massivlar paydo boʻlmoqda, koʻp qavatli uy-joylar barpo etilmoqda. Xususan, Ichki ishlar vazirligi tizimlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun ham ana shunday uylardan ajratilmoqda. 

IIV Tibbiyot boshqarmasi kanselyariya boshligʻi, safdor Gulchehra Gaffarova ham turmush oʻrtogʻi Farhod Komilov va uch nafar farzandi bilan qaynotasining uyida istiqomat qilib keladi. Bir uyda bir nechta oila. 

Shuning uchun G. Gaffarovaning uy-joy bilan taʼminlash masalasida murojaatlari koʻrib chiqilib, joriy yilning aprel oyida uning oilasi uchun yangi qurilayotgan koʻp qavatli uylardan ipoteka kreditlari asosida, imtiyozli ravishda xonadon beriladigan boʻldi.

– Uy berilishi toʻgʻrisidagi xabarni eshitganimdagi holatni tasvirlab bera olmayman, – deydi G. Gaffarova. – Axir qachonlardan beri bu kunni kutib kelayotgandik. Ayniqsa, farzandlarimning xursandchiligini koʻrsangiz. Turmush oʻrtogʻim ham, qaynota-qaynonam ham juda mamnun. Shartnomani qoʻlga olgan kunim, qaynotam Prezidentimiz va vazirlik rahbariyatini uzoq duo qildilar. 

– Xodimlarni ijtimoiy himoya qilish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda, – deydi IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti Ijtimoiy himoya boshqarmasi yetakchi mutaxassisi, podpolkovnik Samixon Xolmirzayev. – Ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibini ijtimoiy himoya qilish, yashash sharoitini yaxshilash yoʻnalishida 2022 yilning oʻtgan davri davomida ham bir qancha xodimlar uyli boʻlishdi, shuningdek, ijarada turuvchilarga ijara pullari toʻlab berildi. Bu yoʻnalishdagi ishlar davom ettirilmoqda.

Mayor Habibjon Qurbonov IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Jamoat tartibini saqlash xizmati katta inspektori. U Surxondaryo viloyatida tavallud topgan.

Uzoq viloyatdan kelgan xodim uchun birinchi navbatda yashash sharoiti muammosi koʻndalang turadi. U oilasi bilan bir xonadonni ijaraga olib yashay boshladi. Xonadon egasi bilan ijara shartnomasi tuzilib, uning pullari IIV tomonidan toʻlab berilmoqda. H. Qurbonov kelgusida oʻz uyiga ega boʻlish uchun ham ariza topshirib qoʻygan. 

Xodimlarni ijtimoiy himoya qilish boshqa yoʻnalishlarda ham amalga oshirilmoqda. Xususan, ijtimoiy himoya qilish masalalari boʻyicha markaziy va hududiy komissiyalari tomonidan betob xodimlarga, ularning betob yaqin qarindoshlariga, avtokredit olish, sanatoriy-muassasalarida davolanishi hamda dam olishi, toʻy-dafn marosimlarini oʻtkazishi uchun ham mablagʻlar ajratilmoqda. Shuningdek, samarali natijalarga erishganligi uchun xodimlarga moddiy yordam ajratilishi boʻyicha amaliy ishlar tashkillashtirilmoqda.

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning tag zamirida hamma narsa inson uchun, uning manfaatlari uchun, degan ezgu gʻoya yotibdi. Bunday islohotlar inson qadrini yanada ulugʻlash va davlatimiz ravnaqi yoʻlida xizmat qiladi, albatta.

Sarvar SOBIROV,

«Postda» muxbiri.