Ichki ishlar vazirligi Qorovul qoʻshinlariga qarashli Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 7534-sonli harbiy qismda ham ana shunday ezgu maqsadli Vatan himoyachilari xizmat olib boradi. Mazkur qismning 1-batalyoni nazoratchilar vzvodi faqatgina ayol harbiy xizmatchilardan tashkil topgan.
Bu yerda harbiy xizmatchilarning jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirish uchun barcha shart-sharoit va qulayliklar yaratilgan. Muddatli harbiy xizmatchilar bilan amaliy va nazariy mashgʻulot oʻtish hamisha eʼtibor markazida. Oʻquv xonalari, kutubxona, maʼnaviyat xonasi, yotoqxona, oshxona va boshqa maishiy xizmat koʻrsatish xonalari zamon talablari darajasida jihozlanganligini alohida eʼtirof etish joiz.
– Bugun dunyoda yuzaga kelayotgan ziddiyatli vaziyatlar har bir harbiy xizmatchini yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusini har qachongidan chuqurroq va kengroq his etish, jangovar tayyorgarlikni tinimsiz oshirib borishga undaydi, – deydi harbiy qism tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻlinmasi boshligʻi,
mayor Akmal Kadirov. – Bunda jangovar shaylik va yuksak maʼnaviy salohiyat yurt himoyachilari uchun birday zarurligini unutmasligimiz kerak. Zero, yuragida ona yurtiga muhabbat tuygʻusi bilan bilagida kuchi birlashgan Vatan himoyachisini yengib boʻlmaydi.
Darhaqiqat, buni mazkur qism shaxsiy tarkibining nufuzli sport musobalarida qoʻlga kiritayotgan yuqori natijalari misolida ham koʻrishimiz mumkin. Ayni paytda harbiy qismda 8 nafar jahon chempioni, 17 nafar Osiyo chempioni, 34 nafar Oʻzbekiston chempioni xizmat olib boradi. Bu yutuqlar tobora yangilari bilan boyib bormoqda. Xususan, qism vakillari joriy yilning 25–30-sentabr kunlari Urganch shahrida boʻlib oʻtgan sportning «Universal jang» turi boʻyicha jahon chempionatida yakkalik bahslarda tegishli vazn toifasida munosib natijalar qayd etib, umumjamoa hisobida faxrli birinchi oʻrinni egallab, kubok bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, yaqinda jismoniy tayyorgarlik va maxsus harbiy sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan bir guruh harbiy xizmatchilar «Alvon beret» sohibi boʻlishdi.
Zimmasidagi vazifalarni toʻkis ado etib, bildirilgan ishonchni oqlab kelayotgan Vatan himoyachilari doim davlatimiz tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlab kelinmoqda. Jumladan, 141 nafar harbiy xizmatchi ipoteka krediti asosida hamda 268 nafari dastlabki badal pulini oʻz hisobidan amalga oshirib, arzon narxlarda uy-joy bilan taʼminlandi. Shuningdek, har yili harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga imtiyoz asosida oʻqishga kirish imkonini beruvchi tavsiyanomalar berilyapti.
Vatan himoyasi – muqaddas burch. Soʻzimiz soʻngida, sharafli burchga sodiqlikni yuksak kasbiy mahorati va fidoyiligi bilan namoyish etib, namunali xizmat qilayotgan yurt himoyachilarining yalovi hamisha baland boʻlsin, deymiz.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Abu KENJAYEV
olgan suratlar.
