Maʼlumotlarga qaraganda, har yili butun dunyoda 100 mingdan ortiq yoʻl-transport hodisasi haydovchilarning uyqusirashi tufayli sodir boʻlar ekan. Bunday holatlar asosan, 25 yoshdan katta haydovchilar bilan roʻy bermoqda. Mutaxassislar tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnomada ishtirok etgan bir guruh haydovchilarning taxminan yarmi mashina boshqarayotib esnash odati borligini tan olgan. Ularning 20 foizi oʻtgan yili transportni boshqarayotib bir marta boʻlsa-da, uyqusiraganini, 40 foiz haydovchi esa bu holat oʻz faoliyati davomida hech boʻlmasa bir marta sodir boʻlganini tan olgan. Oʻz navbatida, sutkasiga 7 soatdan kam uxlash yoʻl belgilarini payqamaslik, tezlikni meʼyorda saqlay olmaslik kabi holatlarni keltirib chiqarib, koʻpchilikning avtohalokatdan aziyat chekishiga olib kelmoqda.
Navoiy viloyati IIB JXX YHXB xodimlari tomonidan shu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida «Samarqand» muntazam YPX maskanida uzoq masofalarga harakatlanuvchi haydovchilar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. Xususan, boshqa viloyat davlat raqam belgisi bilan kirib kelayotgan avtoulov haydovchilari birma-bir toʻxtatilib, hushyorlikka daʼvat etildi.
Viloyatdan oʻtuvchi yoʻllar choʻl hududida joylashganligi bois, bir xil manzara zerikish va uyqu holatlarini yuzaga keltirishi mumkin. Qolaversa, bu joylarda yoʻlga turli hayvonlarning chiqib qolish ehtimoli katta. Haydovchilarga mana shu jihatlar alohida tushuntirilib, tezlikni meʼyoridan oshirmaslik, qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanmaslik, quvib oʻtish qoidalariga amal qilish zarurligi uqtirildi.
Sabina XOʻJAYEVA,
Navoiy viloyati IIB JXX YHXB
Axborot xizmati mutaxassisi.
