Aytgancha, Jahonaning sohadagi ilk ustozi – Kamol. Murabbiy va shogird ish jarayonida bir-birini yaxshi bilib olishdi. Koʻp oʻtmay, yoshlar qalbida samimiy hislar uygʻondi va munosabatlar nikoh rishtasi bilan mustahkamlandi. Ayni vaqtda oilada bir nafar farzand ulgʻaymoqda.
Sir emaski, ekspert-kriminalistlik oson ishlar sirasiga kirmaydi. Negaki, tergov-tezkor guruhi tarkibida tez-tez voqea joyiga chiqishga toʻgʻri keladi. Aksar jinoyatlar tunda yuz berishi inobatga olinsa, ulardan biri uyga kech qaytishi aniq. Mazkur jihat Kamol va Jahona uchun qiyinchilik tugʻdirmaydi. Chunki bunday paytlarda qarindoshlar yordamga keladi. Qolaversa, bu juftlik el osoyishtaligini asrash sharafli va mashaqqatli ekanligini yaxshi anglagan holda, bir-biriga
suyanch-tayanch boʻladi.
Darvoqe, Kamol Jahonaga ustozlik qilishda davom etmoqda. Shundanmi, ikkovining ham ishi besh. Ular rahbariyat tomonidan bir necha bor ragʻbatlantirilgan. Jumladan, joriy yil 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan viloyat ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan tantanali tadbirda ular namunali oila vakillari sifatida qimmatbaho sovgʻa bilan taqdirlandi.
Alijon ABDUSATTOROV,
oʻz muxbirimiz.
Jizzax viloyati.
