IIV Malaka oshirish instituti doimiy va oʻzgaruvchan shaxsiy tarkibning maʼnaviy-maʼrifiy ongini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Malakali kadrlar tayyorlashning muhim sharti boʻlgan ushbu jarayonda tanaffus boʻlishiga yoʻl qoʻyilmay, uzviylik taʼminlanmoqda. Institutda «Uch avlod uchrashuvlari»ni oʻtkazish xayrli anʼanaga aylangan. Faxriylar ishtirokidagi bunday tadbirlar yosh xodimlarni Vatanga muhabbat, burchga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etyapti. Jamoamiz vakillari ilk bor Respublika miqyosida oʻtkazilgan «Zakovat» intellektual oʻyinida munosib tarzda ishtirok etib, oʻzlarining chuqur bilim va salohiyatlarini namoyon qildilar.

Oʻz yurtining tarixini yaxshi bilgan, xalqining shonli oʻtmishi bilan faxrlangan inson uning kelajagi haqida qaygʻuradi. Muzeylar esa moziydan soʻzlaydi. Joriy yilda Malaka oshirish instituti xodimlari hamda tinglovchilari bir necha bor poytaxtimizda joylashgan muzeylar hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududidagi ziyoratgohlarda boʻlishdi.

Sanʼat insonni tarbiyalaydi, uning maʼnaviyatini yuksaltiradi. Zero, jadid bobolarimizning yetakchisi Mahmudxoʻja Behbudiy hazratlari «Teatr – ibratxonadir» deb bejiz aytmaganlar. Shuning uchun oʻtgan davr ichida taʼlim muassasamiz tinglovchilari 20 martaga yaqin teatr va madaniyat saroylarida boʻlib, sahna asarlarini tomosha qilishdi. Shu oʻrinda «Namunali oila» koʻrik-tanlovining vazirlik Markaziy apparati xodimlari oʻrtasidagi bosqichida Institutimiz vakillari faxrli ikkinchi oʻrinni egallaganligini mamnuniyat bilan qayd etishni istardim. 

Ayni paytda jamoamiz yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ichki ishlar organlarida xizmat qilishga qiziqtirishga ham munosib hissa qoʻshyapti. Ana shu maqsadda Toshkent shahrining Bektemir tumanida joylashgan bir qator oʻrta umumtaʼlim maktablari bitiruvchi sinf oʻquvchilari uchun bir necha bor «Ochiq eshiklar kuni» oʻtkazdik. Bundan tashqari, institut xodimlari tomonidan poytaxtimizda va Toshkent viloyatida joylashgan oʻrta taʼlim maktablarida koʻrgazmali oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi.

Sport musobaqalari shaxsiy tarkibning jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirishi kunday oydin haqiqat. Shuningdek, sport oʻyinlari xodimlarimizning irodasini mustahkamlab, gʻalabaga intilishini, jamoaviy ruhini kuchaytirishi ham bor gap. Shu boisdan institutimiz tinglovchilari Osiyo, Oʻzbekiston va Toshkent shahri miqyosidagi sport musobaqalarida munosib ishtirok etib kelishyapti. Ular murosasiz bahslarda 22 ta medalni qoʻlga kiritishdi. Shundan 11 tasi oltin, 6 tasi kumush va 5 tasi bronza medallaridir.