– Ayni paytda Pastdargʻom tumanida 383 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi va ularning 190 ming nafarini xotin-qizlar tashkil etadi, – deydi qahramonimiz. – Ushbu hududda xizmat boshlagan dastlabki kunlarim qishloq ayollari bilan qanday muloqot qilish, qanday tillashish kerakligi haqida koʻp oʻylardim. Ustozim, hozirda Ishtixon tumani IIBda faoliyat olib borayotgan kapitan Gʻulom Mahmudovning har qanday sharoitda ham xodim vaziyatni toʻgʻri baholashi va tezkorlikda yechim topishi kerakligi borasidagi maslahatlariga amal qildim. Mahallalardagi xotin-qizlar faollari, otinoyilar va boshqa sohaviy xizmat xodimlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydik. Va bu asta-sekin oʻz samarasini bera boshladi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, hududda oʻtgan 2023-yil davomida 115 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi. Shuningdek, ajrim yoqasiga kelib qolgan 100 ta oila yarashtirilib, 40 ta oiladagi nizolar bartaraf etildi. Notinch oilalar, boquvchisini yoʻqotgan, turmushidan ajralganlar, yolgʻiz onalar hamda ruhiy xasta ayollar roʻyxati shakllantirilib, hamkor tashkilotlar bilan profilaktik ishlar olib borildi. Mahallalarda, maktablarda, tashkilotlarda xotin-qizlar tomonidan sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha targʻibot-tashviqot tabirlari hozirda ham davom ettirilmoqda.
– Mahallamizda bir oila boshi ichkilikbozlikka ruju qoʻydi, – deydi «Yangi qishloq» mahallasi xotin-qizlar faoli Nargiza Bekmurodova. – Natijada tuppa-tuzuk ishidan ayrildi. Ustiga ustak, ayoliga tazyiq oʻtkaza boshladi. Xullas, oiladagi sogʻlom muhitga putur yetdi. Farida Erkayeva bilan shu oilani qayta tiklash uchun birgalikda ishladik. Dastlab ayolga himoya orderi berildi. Ichuvchi erga inspektor ushbu hujjatning huquqiy tomonlarini batafsil tushuntirdi. Qolaversa, uning bandligini taʼminlashda mutasaddilar oʻz yordamini ayamadi va u ishli boʻldi. Hozirda shu oila ahil-inoq yashamoqda. Toʻgʻrisini aytsam, aynan shu holat yuzasidan yosh inspektorning oldiga borganimda, uning qoʻlidan bir ish kelishiga u qadar ishonmaganman. Ammo men yanglish fikrlagan ekanman. Faridadagi dadillik, oʻziga ishonch va sinchkovlik sabab muammo oʻz oʻrnida, kattarmay hal etildi.
Yosh xodimani xizmat boʻyicha zimmasiga yuklatilgan vazifalarni astoydil bajarishida qaynonasi Mehri opa doim qoʻllab-quvvatlaydi. Ayniqsa, turmush oʻrtogʻi Shahzod ayolining xizmati oson emasligini yaxshi tushunadi. Farida xizmat, oila ishlaridan boʻsh vaqti boʻldi deguncha, kitob oʻqiydi, yugurish bilan shugʻullanadi. U oʻtgan yili ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan «Toʻmaris izdoshlari» koʻrik-tanlovining respublika bosqichida 400 metr masofaga yugurish bellashuvlarida uchinchi oʻrinni egallagan.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Samarqand viloyati.
