Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximov tomonidan Xorazm viloyati hududida oʻrganish ishlarini olib borildi. Dastlab, Urganch shahar IIOFMBning xizmat faoliyati oʻrganildi. Shahar hududida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish borasida profilaktik chora-tadbirlar, profilaktika inspektori, inspektor-psixolog va mahalla yettiligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, shahardagi “Mustaqillik“ va “Navbahor“ mahallalari yettiligining kundalik mehnat faoliyati manzilli oʻrganilib, davlatimiz rahbarining “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar koʻzdan kechirildi.

  Shuningdek, viloyatdagi hududiy ichki ishlar organlarida, mahallalarda, turizm va transport obʼektlarida jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat tartibini saqlash, aholi xavfsizligini taʼminlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar ham manzilli oʻrganildi.

  Mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini yanada koʻpaytirish uchun soʻnggi yillarda nafaqat tarixiy va madaniy tadbirlar, shuningdek, jahon miqyosidagi sport musobaqalari, dam olish va turistik maskanlarning koʻrgazmali namoyishlari, ilmiy konferensiyalarni oʻtkazish anʼanaga aylanib bormoqda. Vazir oʻrinbosari ushbu yoʻnalishda viloyat IIB XTTB xodimlari tomonidan viloyatning bevosita turizm namoyishi obyektlari va infratuzilmasi hududlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlarga alohida eʼtibor qaratdi.

  Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi xizmat hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izi”da fosh etish, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etishi yuzasidan bir qator koʻrsatmalar berildi.

  Xususan, viloyat kesimida xizmat hududlaridan oʻtuvchi temir yoʻl izlariga yaqin joylashgan mahalla, korxona va taʼlim muassasalarida profilaktik uchrashuvlar oʻtkazish, transport obʼektlarida baxtsiz hodisalarning barvaqt oldini olish, temir yoʻl vokzali ishchi-xizmatchilari va yoʻlovchilar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish hamda ularning profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar hushyorligi va ogohligini oshirish, shuningdek, xodimlarning xizmat faoliyati ustidan kunlik nazoratni kuchaytirish, ijro intizomi va qonunchilik talablariga rioya qilinishi, korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha masʼul xodimlarga zarur topshiriqlar berildi.

  Oʻrganishlar yakuniga bagʻishlangan yigʻilishda viloyat hududlarida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yoʻl-harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil etilib, erishilgan yutuqlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga toʻxtalib oʻtildi. 

  Tadbir yakunida viloyat hududida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikni jilovlash borasidagi manzilli ishlarni talab darajasida bajarmagan masʼullarga nisbatan taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisida tegishli qarorlar qabul qilindi.

Oʻz muxbirimiz,

Xorazm viloyati.