Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik Yahyojon Abdulhakov tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fargʻona viloyati Xalq qabulxonasida navbatdagi sayyor qabul oʻtkazildi.
Karantin qoidalariga rioya qilingan holda, ochiq muloqot tarzida oʻtkazilgan sayyor qabulda surishtiruv va tergov, fuqarolik va pasport-viza, mol-mulk nizolari, ichki ishlar organlariga ishga qayta tiklash, ichki ishlar organlari xodimlarining harakatidan norozilik, oila-turmush masalalari bilan bogʻliq 30 nafar fuqaroning murojaati eshitildi.
Ushbu murojaatlarning 18 tasi joyida ijobiy hal etildi. 8 tasi boʻyicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi. 4 tasi tegishliligi boʻyicha koʻrib chiqish uchun vakolatli organlarga yuborildi.
Qabul davomida Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan 4 nafar fuqaroga ID-kartalar tantanali ravishda topshirildi.
Qoʻshimcha oʻrganish va muddat talab etiladigan 11 nafar fuqaroning murojaatlari boʻyicha toʻplangan materiallar Fargʻona viloyati IIBda oʻrganib chiqilib, qonuniy hal etish yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Murojaati ijobiy hal boʻlgan fuqarolar vazirlik rahbariyatiga minnatdorlik bildirishdi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
