Shu kunlarda Fargʻona viloyatida boʻlib turgan Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov Qoʻqon shahrida yangidan foydalanishga topshirilgan yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasiga qarashli imtihon olish markazining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Mazkur markazda inson aralashuvi nolga tenglashtirilgan boʻlib, imtihon jarayonlari toʻliq avtomatlashtirilgan. Nomzodlarning bilimi avtomatlashtirilgan tizim orqali baholanadi.
Vazir oʻrinbosari imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolarga haydovchilik guvohnomasini olishi uchun sertifikatlarni tantanali ravishda topshirdi va ularga muvaffaqiyat tiladi.
Xudoyorxon majmuasida oʻtkazilgan yana bir tadbirda 18 yoshga toʻlgan yigit-qizlarga birinchi marotaba ID-kartalar taqdim qilindi. Vazir oʻrinbosari katta hayot ostonasiga qadam qoʻyayotgan yoshlar bilan muloqot qilib, ularni puxta ilm olishga, hunar oʻrganishga chaqirdi.
Shu kuni vazirlik ishchi guruhi bilan hamkorlikda Qoʻqon shahri hududida harakat havfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha profilaktik tadbirlar ham tashkil etildi. Mazkur jarayonda belgilangan qoidalarini chetlab oʻtib, transport vositasini hujjatsiz boshqargan, oʻtkir tigʻli sovuq qurollar olib yurgan haydovchilarni aniqlash, yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash, oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalari salmogʻini kamaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tungi tadbirlar davomida voyaga yetmaganlarning koʻngilochar joylarda belgilangan vaqtdan tashqari bemaqsad yurishlarining oldini olish, maʼmuriy nazorat ostidagi va probasiya hisobida turgan shaxslarning sud tomonidan belgilangan cheklovlarga amal qilishlari boʻyicha ham oʻrganishlar oʻtkazildi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
