Yurtimizda kuzatilgan anomal sovuq xalqimizni yana bir bor sinovdan oʻtkazmoqda. Ayniqsa, hozirda aholining energiya resurslariga talabi keskin oshgan. Bu esa, oʻz navbatida, tarmoqda yuklamalarning ortishi va turli avariya holatlarining kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda. Shuning ortidan murojaatlar ham keskin koʻpaymoqda.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasida tuzilgan tezkor shtabda viloyat hokimi, respublikadan biriktirilgan vakillar ishtirokida oʻtkazilgan navbatdagi muhokamada hududlarda aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha berilgan topshiriqlar ijrosi tahlil qilindi.

Shundan kelib chiqib, hududlar va aloqador sohalar rahbarlariga anomal sovuq havo kunlarida birinchi navbatda aholini energiya resurslari bilan taʼminlash, ijtimoiy soha obʼektlarini isitish tizimini uzluksiz ishlatish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifalari yuklandi. Mavjud resurslarni adolatli taqsimlab, muammoli mahallalarda odamlarga yordam koʻrsatish, shtablarga va ijtimoiy tarmoqlarga yoʻllanayotgan murojaatlarni zudlik bilan oʻrganib, hal etish vazifasi topshirildi. 

Bundan tashqari, bozorlardagi narx-navo, AI-80 markali benzin savdosining barqarorligi, jamoat transportidan samarali foydalanishni tashkil etish, kam taʼminlangan, ehtiyojmand, boquvchisini yoʻqotgan, yaqinlari xorijiy mamlakatlarda mehnat qilayotgan oilalar holidan xabar olib, ularga koʻmir va oziq-ovqat mahsulotlari berish zarurligi taʼkidlandi.


Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.