Inson qadri – ulugʻ

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining "Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarining insonning huquq va erkinliklarini taʼminlashga doir faoliyati toʻgʻrisida"gi axboroti eshitildi.

Yigʻilishda inson qadrini ulugʻlash, har kimning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishiga aylangani alohida taʼkidlandi. Jumladan, mahkumlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning huquqlarini taʼminlash holatlari muntazam ravishda Ombudsman boshchiligida jamoatchilik guruhlari bilan oʻrganilayotgani, ushbu monitoring tashriflarida deputatlar ham ishtirok etayotganliklari qayd etildi.

Majlisda IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik Mansur Qodirov tizimga raqamli texnologiyalarni, jumladan, intellektual “Smart” kameralar, videoregistratorlar, rentgen-skaner qurilmalari, elektron doʻkonlarni joriy etish, “onlayn” videouchrashuv xizmatini yoʻlga qoʻyish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.

Yigʻilish soʻngida kun tartibidagi masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.  

Shahrizod SHOKIROV,

katta leytenant.