Fargʻona vodiysi viloyatlari boʻylab harakat qiluvchi Andijon – Qoʻqon shaharlararo yoʻlovchi poyezdi harakati yana yoʻlga qoʻyildi. Bu haqda viloyat hokimligining axborot xizmati xabar berdi.

Aytish zarurki, ilgari ham Qoʻqon - Andijon yoʻnalishida poyezd qatnovi mavjud boʻlib, ayrim sabablarga koʻra toʻxtab qolgan edi. Endilikda yangi yoʻnalish nafaqat Fargʻona va Andijon shahar-tumanlarini, balki Namangan viloyatini ham qamrab oldi.

Elektropoyezdlar shu yilning 1 martidan boshlab yana harakatlana boshlagan. Poyezdlar haftaning seshanba, chorshanba, payshanba, juma, shanba va yakshanba kunlari Qoʻqon – Andijon-1 – Qoʻqon shaharlararo yoʻnalishida fuqarolarga xizmat koʻrsatadi.

Tonggi 5:00 da Qoʻqondan harakatlanishni boshlagan elektropoyezdlar Buvayda, Pop-1, Chust, Toʻraqoʻrgʻon, Rovuston, Namangan, Chortoq, Uychi, Razʼezd 137-km, Haqqulobod, Poytugʻ, Kuyganyor, Yangi Andijon, Post 331-km stantsiyalarida toʻxtab, 10:21 da Andijonga kirib keladi.

Andijondan soat 14:12 da harakatlanadigan poyezd soat 19:19 da Qoʻqon shahriga qaytib keladi.

Albatta, bu qulaylik vodiy aholisini juda mamnun etmoqda.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.