1995-yilning 31-may sanasida Namangan shahar IIB Jinoyat qidiruv va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻlimi katta tezkor vakili, katta leytenant Muxtorjon Murodov oʻta xavfli retsidivistni ushlab, avtomashinada olib ketayotgan edi. Tuyqus barzangi jinoyatchi ichki choʻntagida boʻlgan pichoq bilan xodimning yurak sohasiga zarb bilan uradi. Afsuski, kutilmagan zarba Muxtorjonning hayotiga yakun yasadi. Xizmat vazifasini bajarish chogʻida qahramonlarcha halok boʻlgan Muxtorjon Murodov Prezident farmoniga koʻra, «Jasorat» medali bilan taqdirlandi.
Otani yoʻqotish oila uchun ogʻir musibat boʻldi. Muxtorjon vafot etganda, turmush oʻrtogʻi Mahmudaxon opa 25 yoshda, oʻgʻli Mirjalol 4 yoshga yetay deb qolgan, qizi Shodiya esa 11 oylik edi.
Viloyat IIB rahbariyati jasorat koʻrsatgan xodimning oilasini yolgʻizlatib qoʻymadi. Mahmuda opa farzandlarini ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalay oldi. Ularga otasiga munosib farzand boʻlish kerakligini uqtirib bordi.
Oradan yillar oʻtib, Mirjalol va Shodiya kamolga yetishdi. Mirjalol ota kasbini egallashni diliga tukkani uchun volidasi unga oq fotiha berdi. Birin-ketin aka-singil IIV Akademiyasini tamomlab, el-yurt tinchligiga kamarbasta boʻlishdi.
Mayor Mirjalol Mamasiddiqov Yangiqoʻrgʻon tumani IIB Terrorizmga qarshi kurashish boʻlimida tezkor vakil boʻlib ishlamoqda. Kapitan Shodiya Mamasiddiqova esa Namangan shahar IIOFMB Terrorizmga qarshi kurashish boʻlinmasi xodimi.
– Orzularingga yetsang-da, bir armon qalbingni oʻrtayverarkan. Otamning oʻrni har doim har bir davrada bilinadi, – deydi Mirjalol. – Otam chin inson edi, burchiga sadoqatni hayotidan ustun qoʻydi, bu ichki ishlar xodimi uchun eng kerakli fazilatdir.
Namangan shahridagi Vatanparvar bogʻida va viloyat IIB hovlisida qahramonlik koʻrsatgan ichki ishlar xodimi Muxtorjon Murodovning xotirasini sharaflab, yodgorlik oʻrnatilgan. Mardlarcha halok boʻlgan fidoyi xodimning xotirasi uchun yodgorlik oldida sukut saqlab, poyiga gullar qoʻyiladi. Ana shunday paytlarda Mirjalol va Shodiyaning qalblari otasi koʻrsatgan qahramonlik xalq xotirasida yashayotganidan faxr va iftixorga toʻladi.
Gulchehra BUVAMIRZAYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
