Giyohvand moddalarini yetishtirish, sotish, saqlash va isteʼmol qilish amaldagi qonunlarga koʻra taqiqlanishi va ushbu xatti-harakatlarni sodir etgan shaxslar jazoga tortilishi haqida doimiy ravishda targʻibot ishlari olib borilsada, qilmishi hech qachon fosh boʻlmaydigandek zahriqotilni yetishtirayotganlar ham uchrab turibdi.
Xatirchi tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida 1979-yilda tugʻilgan fuqaroning yashash xonadoni koʻzdan kechirildi. Uning tomorqa yer maydonida jami 29 tup yashil rangli, oʻtkir hidli, marixuanna giyohvandlik oʻsimligini ekib, parvarish qilib kelayotganligi hamda 140 gramm quruq holatda boʻlgan huddi shunday oʻsimlik barglarini saqlab kelayotganligi aniqlandi. Bundan tashqari, fuqaroning yashash xonadoni omborxonasida noqonuniy ravishda 1 dona ov quroli va 3 dona patronlarni saqlab kelayotganligi aniqlanib, xolislar ishtirokida bayonnoma asosida rasmiylashtirib olindi.
Tumanning "Samarqand" MFYda yashovchi fuqaroning yashash xonadonidan esa jami 299 gramm quritilgan holatdagi oʻtkir hidli marixuanna giyohvandlik oʻsimligiga oʻxshash maydalangan oʻsimlik barglari topildi.
Tezkor tadbirlar davomida "Tinchlik" MFYda yashovchi yana bir fuqaroning qilmishlari fosh etildi. Gap shundaki, uning xonadonidan 12 dona koʻknor oʻsimligiga oʻxshash oʻsimlik hamda 75,19 gramm ogʻirlikda boʻlgan marixuanna giyohvandlik oʻsimligiga oʻxshash oʻsimliklar borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mahliyo XOLOVA,
Oʻz muxbirimiz.
Navoiy viloyati.
