Poytaxtimizning Yashnobod tumani «Argʻin» mahallasida istiqomat qiluvchi Kozimjon ham oilasining toʻngʻichi, pahlavonday oʻgʻliga Muhammad Ali deb ism qoʻygani bejiz emas edi. U farzandi kelajakda mashhur bokschi Muhammad Ali kabi kuch-quvvatga toʻla, sogʻlom va jasur yigit boʻlishini niyat qilgandi.
Muhammad Ali tabiatan ogʻir-bosiq, mulohazali bola boʻlib ulgʻaydi. Sportga qiziqsa-da, ammo ilm yoʻlini tanladi. Nufuzli oliy taʼlim muassasasiga hujjat topshirib, talabalik baxtiga musharraf boʻldi.
Biroq yoshlikning zavq-u shavqqa toʻla kunlarining birida u doʻstlari bilan gap talashib qoldi. Gʻurur va his-tuygʻular ustun kelib, tortishuv hatto mushtlashishgacha bordi. Qiziqqonlikning oqibati esa juda ogʻir boʻldi…
Jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudining 2024-yil 29-oktabrdagi hukmiga muvofiq, u 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Shu tariqa umrining ayni bahori panjara ortida oʻtadigan boʻldi. Ammo Muhammad Ali tushkunlikka tushmadi, oʻzini yoʻqotmadi. Manzil-koloniyada olib borilgan tushuntirish ishlari va psixologik treninglar natijasida xatolarini chuqur anglab yetdi hamda ulardan toʻgʻri xulosa chiqardi. Ehtimol, shu sababli ham afv soʻrab yoʻllagan murojaati qanoatlantirilgandir.
— Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan Konstitutsiya kuni munosabati bilan qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga oʻtgan 615 nafar afv etilgan mahkumlar orasida tumanimizda istiqomat qilib kelgan Muhammad Ali Soataliyevning ham borligi nafaqat uning oila aʼzolarini, balki bizni ham birdek quvontirdi, — deydi Yashnobod tumani IIOFMB Probatsiya boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Erpoʻlat Moldatashov. — Sababi, biz bu oila aʼzolarini yaxshi bilamiz. Ular hamisha odob-axloqli, mehnatsevar va jamoatchilik ishlarida faol boʻlgan. Muhammad Ali ham bolaligidan intizomli va mehnatsevar boʻlib oʻsgan. Toʻgʻri, u xato qildi, adashdi, lekin xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqara oldi. Shu orqali oʻzini qayta topdi, yangi hayotga qadam qoʻydi.
M. Soataliyevning oʻtalmay qolgan 3 yil-u 7 oy 11 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi shu muddatga ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi. Ayni paytda u Yashnobod tumani IIOFMB Probatsiya boʻlimi roʻyxatida. «Argʻin» mahallasi faollari Zoid va Nodir Abdiyevlar unga jamoatchi murabbiy sifatida biriktirildi. Shuningdek, «Pebble Universal Service» MCHJga yoʻllanma asosida ishga joylashtirish choralari koʻrilmoqda.
Bundan tashqari, Muhammad Ali tadbirkorlik faoliyatiga qiziqish bildirib, kelgusida oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish niyati borligini maʼlum qildi. Unga bu borada zaruriy yoʻl-yoʻriqlar berildi. Xususan, avvalo biznes-reja ishlab chiqib, tuman hokimi yordamchisiga taqdim etish, shundan soʻng subsidiya olish uchun ariza bilan murojaat qilish tartiblari batafsil tushuntirildi. Bu hikoya bir haqiqatni yana bir bor isbotlaydi: xatolar insonni yiqitishi mumkin, ammo toʻgʻri xulosa va qoʻllab-quvvatlash uning qaddini qayta tiklaydi.
Adolat FAYZIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
