Hayotxon Narziyev 2013-yilda IIV Akademiyasini muvaffaqiyatli tamomladi. Soʻng ilk xizmat faoliyatini Navoiy viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazida boshladi. Uning mazkur tizimga kirib kelishi shunchaki tasodif emas. Hayotxonning otasi isteʼfodagi mayor Sayyodxon Narziyev ichki ishlar organlari sohasida qariyb 33 yil xizmat qilib, koʻplab shogirdlar tarbiyalab yetishtirgan.
Mayor Hayotxon Narziyev otasining maslahatlari va tavsiyalariga amal qilib kam boʻlmayapti. Shuningdek, mutaxassis sifatida sohaga oid jahon tajribasini sinchkovlik bilan kuzatib boradi. Oʻqib oʻrganganlarini amaliyotda qoʻllashga intiladi.
U nafaqat kasbiy mahoratini oshirishga, balki tahlil qobiliyatini rivojlantirishga ham harakat qiladi.
– Maʼlumotlarni umumlashtirish, tahlil qilish, zarurat boʻlganda qayta tekshirish kishidan xotirjamlikni, sabr-toqatni talab etadi. Xato qilishga haqqimiz yoʻq. Chunki bizning xulosamiz qaysidir inson taqdirini u yoki bu darajada oʻzgartirib yuborishi mumkin, – deydi lavhamiz qahramoni.
Ayni paytda Nurota tumani IIB Ekspert-kriminalistika guruhi katta eksperti lavozimida faoliyat olib borayotgan mayor Hayotxon Narziyev hududda sodir etilgan jinoyatlarni «issiq izida» fosh etishga oʻz hissasini qoʻshmoqda.
Yaqinda tumanning olis «Choʻya» mahallasida oʻgʻirlik sodir etildi. Gap shundaki, choʻpon Sadir otaning mingga yaqin qoʻy-qoʻzisi bor. Ularni erta tongdan to kun botguncha togʻ-u adirlarda oʻtlatib yuradi. Qosh qoraygach, uyi yonidagi qoʻraga qamaydi. Bir kuni Sadir ota tong otishi bilan suruvni adirga haydayotib, tajribali choʻpon emasmi, sanamasa-da orasida 4 bosh qoʻyi yoʻqligini payqadi. Yoʻqolgan jonivorlar orasida boshqalariga oʻxshamagan qoʻngʻir qoʻzisi ham bor edi. Otaxon shu zahoti tuman IIBga murojaat qildi.
Tergov-tezkor guruhi tarkibida ish olib borgan Hayotxon voqea joyini sinchiklab koʻzdan kechirdi. Shamol esib, qum izlarni koʻmib ketgan, ashyoviy dalillar deyarli yoʻq edi. Shunda ekspertning koʻzi bir chetda turgan qoziqqa tushdi. Sadir ota uni qoʻra eshigini mahkamlashda ishlatar edi. Mahoratli mutaxassis shu qoziqni tekshirib, unda Sadir otaga tegishli boʻlmagan qoʻl barmoq izlari ham borligini aniqladi. Daktiloskopik tekshiruvlar natijasida gumon qilinuvchining shaxsi aniqlanib, oʻgʻri topildi. U avval ham oʻgʻrilik sodir etgan, ayni paytda probatsiya nazoratida turgan mahkum boʻlib chiqdi.
Hozirgi kunda mayor Hayotxon Narziyev oʻz vazifasini bajarish barobarida yosh ekspertlarga ustozlik ham qilyapti. Chunki yillar mobaynida toʻplagan boy tajribasini va kasb mahoratini ularga oʻrgatishni oʻz burchi deb biladi.
