Muborak tumani IIB Tashkiliy boʻlinmasi Navbatchilik qismi negizida “Monitoring markazi”ga ulangan “Xavfsiz shahar” yagona integratsiyalashgan tizimi ishga tushirildi. 

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Abduvohid Ismoilov ishtirok etib, tuman sektorlar kesimida jinoyatlarni barvaqt aniqlab, oldini olish, sodir etilganlarini fosh qilish, qonunbuzarliklarga barham berish borasida bajarilgan ishlarni atroflicha muhokama qildi. Masʼullarga kriminogen vaziyati ogʻir maskanlar, jinoyat oʻchoqlariga, tuman markazidagi barcha jamoat joylarida, eng avvalo maktabgacha taʼlim muassasalari, umumtaʼlim maktablari, savdo doʻkonlari, bozorlar, maʼmuriy binolar qoʻriqlovini kuchaytirishda soʻnggi rusumdagi videokuzatuv moslamalarini bosqichma-bosqich oʻrnatish topshirigʻi berildi. 

Shuningdek, Yangi yil bayrami arafasida Muborak tumanida tashkil etilgan archa atrofida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, yongʻin va favqulodda hodisalarni oldini olish, huquqbuzarliklar va jinoyatlarni oldini olish borasida ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyati oʻrganildi.  

Tadbirga jalb etilgan huquqni muhofaza qiluvchi va ichki ishlar organlari xodimlarining kuch va vositalarni toʻgʻri joylashtirish, Yangi yil bayramini tinch va osuda oʻtkazish borasida masʼullarga tegishli tavsiya va yoʻriqnomalar berildi.

Oʻz muxbirimiz.

Qashqadaryo viloyati.