Toshkent viloyati IIBB YHXB YPXB Maxsus otryadi katta inspektori, leytenant Muhiddin Turopov Yuqorichirchiq tumani hududidan oʻtgan “Toshkent – Chorbogʻ” avtomobil yoʻlida xizmat vazifasini bajarayotgan edi. U “Neksiya-3” rusumli avtomashina haydovchisi R.A.ni xavfsizlik kamarini taqmasdan mashinani boshqarib kelayotgani uchun toʻxtatadi. Tekshiruv jarayonida haydovchi spirtli ichimlik isteʼmol qilgani ham maʼlum boʻladi. Inspektor unga nisbatan tegishli tartibda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani vaqtinchalik jarima maydoniga qoʻyadi.

Bu qoidabuzarlik uchun katta miqdorda jarima toʻlashini, buning ustiga haydovchilik huquqidan mahrum etilishini bilgan haydovchi muammo yechimining noqonuniy yoʻllarini izlashni boshlaydi. U aybini pora evaziga berkitmoqchi boʻladi. Haydovchi oʻziga nisbatan rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnomani bekor qilib, avtomashinani jarima maydonidan chiqarib berish evaziga YPX xodimiga bir yarim million soʻm pora taklif qiladi. 

Xodim bu holat qonunga zidligini tushuntirishiga qaramasdan haydovchi oʻz fikrida qatʼiy turib oladi. Shundan soʻng YPX katta inspektori ushbu holat yuzasidan bildirgi orqali viloyat IIBB boshligʻiga murojaat qilib, qonunda belgilangan tartibda chora koʻrilishini soʻraydi. 

Mazkur bildirgisi asosida IIV Oʻz xavfsizligi boshqarmasining Toshkent viloyati boʻyicha boʻlimi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkaziladi. Natijada fuqaro R.A. Yuqorichirchiq tumani Bolta qishlogʻida joylashgan jarima maydonchasida leytenant M.Turopovga bir yarim million soʻmni pora sifatida berayotgan vaqtda xolislar ishtirokida qoʻlga olingan. 

Mazkur holat yuzasidan Yuqorichirchiq tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.  

Adolat FAYZIYEVA,

“Postda” muxbiri.

Toshkent viloyati.