Avvalo, maktab hududini obodonlashtirish ishlariga eʼtibor qaratildi. Hovli va maktab atrofi toʻliq tartibga keltirilib, yashil hudud kengaytirildi. 800 tup mevali hamda manzarali daraxtlar, 1200 dan ortiq gul koʻchatlari ekildi.
Infratuzilmani yaxshilash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Maktab hududiga 120 tonna shagʻal va qum yotqizilib, yer maydonlari tekislandi. Ayniqsa, maktab oldidan oʻtuvchi katta yoʻlda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflarni bartaraf etish maqsadida piyodalar yoʻlakchasi chizilib, zamonaviy svetofor va sunʼiy qavariq toʻsiq oʻrnatildi. Qolaversa, sport zali joriy taʼmirlanib, 20 ta kurash gilami va 22 turdagi boshqa sport anjomlari bilan taʼminlandi. Taekvondo, qoʻl jangi, voleybol va tennis kabi sport turlari boʻyicha toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun keng imkoniyat yaratildi.
Maktab hududiga zamonaviy videokuzatuv tizimlari – yuzdan tanib olish funksiyasiga ega boʻlgan 360 gradusli hamda avtomashina raqamlarini aniqlovchi kameralar oʻrnatilgani ham eʼtiborlidir. Negaki, bu nafaqat tartib-intizomni taʼminlash, balki favqulodda holatlarning oldini olish imkonini kengaytiradi. Yaqin kelajakda sinfxonalarni ham toʻliq ovozli kameralar bilan jihozlash va barcha tizimlarni yagona nazorat markaziga integratsiya qilish rejalashtirilgan.
Taʼlim jarayoni samaradorligini oshirish maqsadida «Yoʻl harakati xavfsizligi xonasi» tashkil etildi. Zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan ushbu xonaning yoʻl harakati qoidalarini amaliy oʻrganishdagi ahamiyati katta boʻlayotir.
Xullas, viloyat IIB tashabbusi bilan taʼlim muassasasida amalga oshirilgan ishlar ushbu maskanda zamonaviy, xavfsiz va qulay muhit yaratirishga xizmat qilmoqda. Zero, taʼlimga kiritilgan sarmoya kelajakka qoʻyilgan mustahkam poydevordir.
Feruza RAHMONQULOVA,
oʻz muxbirimiz.
Surxondaryo viloyati.
