Buxoro shahriga sayohat maqsadida kelgan Xitoy Xalq Respublikasi fuqarosi Yang Zhijian Ark qoʻrgʻoniga borish yoʻnalishida oʻz ehtiyotsizligi oqibatida taksi avtomashinasida qoʻl telefonini unutib qoldiradi. Holat yuzasidan viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasiga qilingan murojaat asosida xodimlar tomonidan zudlik bilan tezkor-surishtiruv tadbirlari olib borildi. Kuzatuv kameralari yordamida sayyoh chiqqan avtomashinaning davlat raqami aniqlanib, haydovchi bilan bogʻlanildi.
Maʼlum boʻlishicha, “Yandex” xizmati orqali faoliyat yurituvchi haydovchi ushbu telefonni topib, kompaniya ofisiga topshirgan. IIB xodimlari zudlik bilan telefonni xorijlik mehmonga taqdim etdilar. Oʻz navbatida Xitoy fuqarosi Yang Zhijian muammo qisqa vaqt ichida tezkorlik bilan hal etilganligi hamda xodimlarning doʻstona va xushmuomala munosabati uchun viloyat IIB xodimlariga oʻzining chuqur minnatdorchiligini bildirdi.
M.RASHIDOVA,
kapitan.
Buxoro viloyati.
