Ichki ishlar organlarida xizmat qiladigan sulolalar vakillari koʻp uchraydi. Bugungi qahramonlarimiz – ota va ikki oʻgʻil el-yurt osoyishtaligini taʼminlash yoʻlini tanlagan.
Oila boshligʻi isteʼfodagi podpolkovnik Furqat Gʻofurov ichki ishlar organlari safida 33 yil xizmat qilgan. Uning kasbi davomchilari katta oʻgʻli Farrux viloyat IIB Ekspert-kriminalistika markazi bosh eksperti, kenja oʻgʻli Faxriddin esa Samarqand viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi terrorizm va ekstremizm bilan bogʻliq jinoyatlarni tergov qilish boʻlinmasi boshligʻi, unvoni mayor.
– Shohista bilan 40 yil birga yashayapmiz, – deydi F. Gʻofurov. – Qiyinchiliklarga qaramay, turmush oʻrtogʻim menga va muvaffaqiyatlarimga ishonch bildirdi. Birgalikda munosib farzandlarni tarbiyaladik. Hozir rafiqam maktabga rahbarlik qiladi. Bitta-yu bitta qizimiz Aziza onasining izidan borib, Samarqand davlat universitetida dars beradi, professor.
Biz bilan suhbat chogʻida kenja oʻgʻil Faxriddin oʻzining bolalik xotiralari bilan oʻrtoqlashdi, tergovchining ish kunlari haqida soʻzlab berdi. U bolaligini eslar ekan, uyga toliqqan, lekin oʻz mehnatidan mamnun holda qaytadigan otasini koʻz oldida gavdalantiradi.
– Otam hamisha xizmatga sodiq boʻlgan, jamoaning ijtimoiy hayotida faol ishtirok etgan. Onam padari buzrukvorim uchun ishonchli tayanch edi, – deya eslaydi mayor Faxriddin Ibragimov. – Hayotini umr yoʻldoshi va farzandlariga bagʻishlab, ishlashga va oʻzini takomillashtirishga ham vaqt topgan. Shu bilan birga, uy-roʻzgʻor ishlariga ham ulgurardi.
Faxriddin ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini Samarqand shahar IIOFMB huzuridagi TB tergovchisi sifatida boshlagan. Keyingi xizmat yillari Bulungʻur va Samarqand tumanlarida kechdi. 2023-yildan buyon egallab turgan lavozimida ishlab kelmoqda.
– Kechqurun jam boʻlishni yaxshi koʻramiz, – deydi Faxriddin. – Chalkash va murakkab hodisalarni tergov qilishga kelganda otam tez-tez maslahat beradi, akam ham amaliy tavsiyalarini qoʻshimcha qiladi. Axir, xizmatning barcha qiyinchiliklari va oʻziga xos xususiyatlarini yaqinlaringdan boshqa kim ham tushunishi mumkin.
Zamira BOLTAYEVA,
oʻz muxbirimiz.
