IIV JTSX boshligʻi, podpolkovnik Sherzod Ibragimov rahbarligidagi ishchi guruh islohotlarning mazmun-mohiyatini ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida keng targʻib qilish, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish hamda amaliy yordam koʻrsatish maqsadida xizmat safari bilan Xorazm viloyatiga kelishdi. Dastlab, ishchi guruhi tomonidan viloyat hududidagi ovchilik bilan shugʻullanuvchi fuqarolar ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi. Uchrashuvni viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Jahongir Saʼdullaev ochib, bu yoʻnalishda sohaviy xizmat xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi. Ochiq va samimiy ruhda oʻtgan mazkur tadbirda podpolkovnik Sherzod Ibragimov soʻzga chiqib, “Qurol toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyati, maʼmuriy va jinoiy javobgarlik oqibatlari yuzasidan tushuntirishlar berdi. Tadbirda pnevmatik ov quroliga ega boʻlish maqsadida ariza topshirgan 21 nafar fuqaroga qurol saqlash va olib yurishga doir ruxsatnomalar topshirildi.

Ishchi guruhining navbatdagi safari Sportni rivojlantirish vazirligiga qarashli Urganch olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi boʻldi. Ular bu yerda kelajak egalari boʻlgan sportchi yoshlarga yaratib berilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.

Shundan soʻng, ishchi guruh aʼzolari viloyat ichki ishlar boshqarmasi oʻquv mashgʻulotlar poligonida boʻlib, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, yigʻma otryadning jismoniy va jangovar tayyorgarligini koʻzdan kechirishdi. Shuningdek, Hazorasp tumani, Urganch shahar IIOFMB hamda viloyat IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasida xodimlar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda patrulʼ-post xizmati xodimlarining ish unumdorligini oshirish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan 3 bosqichli xizmat jarayoni bilan ham yaqindan tanishishdi. Viloyat IIB rahbariyati tashabbusi bilan yaratilgan “Xavfsiz hayot” mobil ilovasi huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda muhim ahamiyat kasb etayotgani amaliy jarayonlarda koʻrsatib oʻtildi.

Xizmat safari yakunida ishchi guruh rahbari IIV JTSX boshligʻi, podpolkovnik Sherzod Ibragimov patrulʼ-post xizmati batalʼoni xodimlari bilan uchrashib, ichki ishlar organlari xodimlariga yetarli xizmat sharoitlarini yaratib berish, xizmatini munosib tarzda ragʻbatlantirib borishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Tadbirda xizmat vazifasini bajarishga masʼuliyat bilan yondoshib, samarali natijalarni qoʻlga kiritib kelayotgan patrulʼ-post xizmati saf boʻlimi xodimlaridan bir guruhi munosib tarzda ragʻbatlantirildi. Xudoybergan JABBOROV, “Postda” muxbiri.