Asli Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida tugʻilib voyaga yetgan lavhamiz qahramoni 14 yoshidan sport bilan muntazam shugʻullanib keladi. Yosh boʻlishiga qaramay, erkin kurash boʻyicha mamlakatimiz terma jamoasi aʼzosi hamdir. Unga ustozi Salomat Koʻchimova, terma jamoa bosh murabbiyi Aleksandr Nedorezovning sabogʻi asqatmoqda. Ota-onasi Azamat aka hamda Ziyoda opa farzandining bolaligidan tirishqoqligini koʻrib, uni doimo qoʻllab-quvvatlab kelishgan. Bu ham yaxshi maʼnoda uni ruhlantirgan.

Yillar oʻtishi bilan muntazam mashgʻulotlar, yuksak iroda va sabr ortidan kuchli sportchiga aylangan Shohidaxon asta-sekin yuqori natijalarni qoʻlga kirita boshladi. Jumladan, 2018-yili Argentinada oʻtkazilgan yoshlar olimpiadasida kumush medali sohibasi boʻldi. 2022-yili Koʻniya shahrida boʻlib oʻtgan Islom birdamligi oʻyinlarida ham kumush medalga ega chiqdi. Shu tariqa oʻsha yili xalqaro reytingda oʻz vazn toifasida ikkinchi natijani qayd etdi. 

2023-yili Oʻmon davlatida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida, joriy yil boshida Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasida tashkil etilgan xalqaro turnirlarda sovrindorlar qatoridan joy oldi. Bundan tashqari, Turkiyada boʻlib oʻtgan xalqaro gran-pri turnirida 53 kg. vazn toifasida barcha raqiblarini ortda qoldirib, oltin medalni qoʻlga kiritdi va Toʻmarisning haqiqiy izdoshi ekanligini koʻrsatdi. Bundan tashqari, u oʻtgan yillar davomida 10 karra Oʻzbekiston chempioni degan sharafli nomga ham sazovor boʻlgan. 

– Avvalambor, ota-onamning duosi hamda ustozlarimning yoʻl-yoʻrigʻi bilan yuqori natijalarga erishib kelmoqdaman. Qolaversa, har bir yutuq zamirida, albatta, tinimsiz mehnat, sabr va fidoyilik yotadi, – deydi Shohidaxon. — Maqsadim yurtimiz bayrogʻini xalqaro maydonlarda, olimpiada oʻyinlarida baland koʻtargan holda dunyo hamjamiyatiga yanada tanitishdir.

Namunali harbiy xizmatchi, oʻz yoʻnalishi yetakchilaridan boʻlgan Sh.Ahmedovaga kelgusidagi nufuzli musobaqalarda ham muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!

Abror POYONOV,

oʻz muxbirimiz.

Vadim TOʻXTAYEV,

oddiy askar.