Tuproqqalʼalik M. Olim tanishi S.Komilning xorijga ishga ketmoqchi ekanligini eshitib, uning uyiga boradi. Mehmonning begʻaraz yordamidan boshi koʻkka yetgan xonadon sohibi darhol uning oldiga dasturxon yozib, izzat-ikrom koʻrsatadi.

 Xullas, haromdan hazar qilmaydigan Olim doʻstining ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida Finlandiya davlatiga ishga yuborishga vaʼda beradi. 

Uning gaplariga ishongan Komil ertasi kuniyoq barcha hujjatlarini toʻplab, Olimning qoʻliga tutqazadi. Doʻstining soddaligidan foydalangan firibgar esa oradan koʻp vaqt oʻtmasdan, unga qoʻngʻiroq qilib, ish bitganligini, evaziga 3 ming 600 AQSh dollari berishini aytadi. Uning hatti-harakatlaridan shubhalangan Komil bunday katta miqdordagi puli yoʻqligini bildirib, undan uzr soʻraydi. Ammo, Olim tanishlariga vaʼda qilingan pulni tezda topib berishi lozimligini bahona qilib, tinchlik bermaydi. Uning hiylalaridan bezigan Komil esa, oxiri huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiladi.

 Shu tariqa, doʻstini Finlandiya mamlakatiga ishga yubormoqchi boʻlgan Olim kelishilgan pulning 600 AQSh dollarini olayotgan paytida ashyoviy-dalil bilan qoʻlga olinadi.

Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri.